Autizmga chalingan 16 yoshli bola xavfli kiberjinoyatchilar toʻdasi rahbari boʻlib chiqdi

Londonlik 16 yoshli o’smir Microsoft, Okta, Nvidia, Ubisoft, Samsung va Vodafone kabi yirik kompaniyalarni buzish uchun javobgarlikni o’z bo’yniga olgan Lapsus$ xakerlar guruhining boshligʻi bo’lib chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Umumiy boyligi 14 million dollarga baholangan “White” va “Breachbase” taxalluslari bilan mashhur bo’lgan Angliyalik yigitning ismi, yashash manzili hamda tarjimai holi xakerlar veb saytida eʼlon qilingan.

Lapsys$ yangi xakerlik guruhi bo’lishiga qaramasdan bir qancha yirik kompaniyalarga muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirgan va qo’rqinchli kiberjinoyatchilar to’dasiga aylangan.

Politsiyaning maʼlum qilishicha ushbu to’dada 16 yoshdan 21 yoshgacha bo’lgan 7 kishi hibsga olingan va keyinchalik qo’yib yuborilgan.

Xakerlarga rahbarlik qilgan o’smirning bu mashgʻulotidan ota onasining umuman xabari bo’lmagan, ammo unga kompyuterdan foydalanishni taqiqlab qo’yishgan. Sababi bola autizmdan aziyat chekmoqda.