Uzoq umr koʻruvchilarning asosiy yeguligi – goʻsht
Yaponiyalikponiyalik psixiatr Xideki Vada 70 yoshdan oshgan odamlarning taomnomasi oʻsimliklardan iboratligini inkor etdi. Uning aytishicha, «Kunchiqar yurt»da uzoq umr koʻruvchilarning asosiy yeguligi – goʻsht.
Yapon umrguzaronlari goʻshtni muntazam isteʼmol qilishadi. Goʻshtda «baxt garmoni» ishlab chiqaruvchi triptofan aminokislotasi bor: u yaxshi kayfiyat bagʻishlaydi, harakatchanlikni faollashtiradi.
Bundan tashqari, goʻsht kam isteʼmol qiladigan odamlar duch keladigan birinchi muammo – bu oqsil yetishmasligi. Haqiqat shundaki, hayvonlarning oqsillari organizm mustaqil ravishda ishlab chiqara olmaydigan 12 ta muhim aminokislotalarni oʻz ichiga oladi, oʻsimlik oqsillari esa bu hususiyat yoʻq. Yaʼni, birgina tovuq filesini isteʼmol qilish orqali darhol barcha 12 aminokislotalarni olish mumkin.
Bir yilda qancha goʻsht isteʼmol qilish zarur?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, odam bir yilda oʻrtacha 55 kilogramm goʻsht isteʼmol qilishi zarur. Dunyoning 177 mamlakatida bir kishi yiliga oʻrtacha sigir, choʻchqa, tovuq, qoʻzichoq va boshqa goʻshtni qancha isteʼmol qilishi tahlil qilindi. Reyting umumiy isteʼmol qilingan goʻsht miqdori boʻyicha tuzildi.
«Goʻsht» reytingining yetakchisi yarim millionga yaqin aholisi boʻlgan juda kichik mamlakat Lyuksemburg edi. Lyuksemburg aholisi yiliga kamida 136,5 kg goʻsht isteʼmol qiladi, shundan 45,5 kg mol goʻshti, 43,8 kg choʻchqa goʻshti va 39,8 kg tovuq, 5,8 kg esa boshqa goʻsht mahsulotlari.
Bu roʻyxatdagi amerikaliklar Lyuksemburgdan 10 kg issteʼmoldan farq qilib, ikkinchi oʻrinni egallashdi — har yili Qoʻshma Shtatlarda 125,4 kg goʻsht isteʼmol qilinadi, bu yerda koʻproq tovuq goʻshti (50,1 kg) afzal koʻriladi.
Siz koʻp goʻsht yeyapsizmi?
Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich yiliga 43,2 kilogramm goʻsht va goʻsht mahsulotlari isteʼmolini tashkil qiladi. Respublikada aholining goʻsht isteʼmoli darajasi oʻrtacha. Tojikison va Qirgʻizistondan koʻproq. Rossiya, Qozogʻiston, Ozarboyjon va boshqa Boltiqboʻyi davlatlariga nisbatan kamroq goʻsht isteʼmol qilamiz.
Mutaxassislar 2025 yilga borib, Oʻzbekistonda aholi jon boshiga goʻsht isteʼmoli 0,25 barobarga oshishi va yiliga 54,8 (hozirda 41 kg) kilogrammni tashkil qilishi borasida fikrlar bildirishyapti. Xoʻsh, bu tahminlar oʻzini oqlaydimi? Raqamlar toʻla qogʻozlardan bosh koʻtarib, yon-atrofga nazar solsak, nimani koʻramiz? Hozirgi kunda odamlar qancha goʻsht isteʼmol qilayapti?
Oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga kelsak, oilalar talab darajasi va daromad miqdoriga qarab goʻsht isteʼmol qilishadi. Misol uchun 4-5 kishilik oilalar haftasiga 1-2 kilogramm atrofida goʻsht isteʼmol qilsa, baʼzilari undan koʻproq, ayrim oilalar faqat bayram kunlari goʻsht yesa, hatto oylab goʻsht yemaydigan oila aʼzolari ham bor. Bu esa oʻz-oʻzidan iqtisodiy muammolar, yaʼni daromad va goʻsht narxiga borib taqaladi…
Talab bor, ammo taklifchi?
Keyingi yillarda fermerlik yerlari klaster tizimiga oʻtkazilishi natijasida, sugʻoriladigan yer maydonlari atrofida yashovchi aholining chorva boqish imkoniyatini mutloq yoʻqotdi. Maʼlumotlarga qaraganda, soʻnggi 15 yilda respublikada ozuqa yer maydoni 429 ming gektardan 340 ming gektarga qisqarib, bir shartli bosh chorva molga toʻgʻri keladigan ozuqa yer maydoni 50 sotixdan 27 sotixgacha kamaygan. Natijada, ozuqa yem qimmatlashdi, taklifdan koʻra talab ortdi.
Qolaversa, chorva mollarining naslini saqlash, boqish xarajatini kamaytirib, mahsuldorlikni oshirish boʻyicha yetarli ishlar olib borilmadi. Hisob-kitoblarda chorva tuyoq soni oshsa-da, yetishtirilayotgan mahsulot hajmi pastligicha qolaverdi. Hatto bugungi kunda ham naslchilik borasidagi ishlarni koʻngildagidek, deb boʻlmaydi.
Misol uchun 2016 yil oxirida mamlakatimizda qoramollar soni — 12 million 165 ming, qoʻy va echkilar soni – 19 million 565 ming, parrandalar soni – 65 million 785 mingni tashkil etgan boʻlsa, 2021 yilga kelib bu koʻrsatkich sezilarli ortmagan. Holbuki 2021 yilda yurtimiz aholisi 2016 yilga nisbatan 545 ming kishiga oshgan.
2021 yilda qoramollar bosh soni — 13 mln. 556 ming, qoʻy va echkilar — 23 mln. 74 ming boshni (103 foiz), parranda — 89 mln. 734 ming boshni (100,2 foiz)ni tashkil etmoqda.
Yanada aniqroq aytiladigan boʻlsa, 2020 yil 1 iyulʼ holatiga koʻra, Oʻzbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etadi. Bu esa 1000 aholi jon boshiga 368 bosh qoramol toʻgʻri keladi, degani. Oʻzbekistonda sanoat yoʻli bilan boqiladigan qoramollarning jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan etishtirilmoqda.
Bir kilo mol goʻshti oʻrniga 60 ta tuxum olishni afzal bildim
Yuqoridan koʻrinib turibdiki, goʻsht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, yem-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab boʻladi.
Bu esa mahsulot narxini bozorning oʻz qonuniyatlari bilan emas, tashqi aralashuv bilan ushlab turilishiga sabab boʻlyapti. Ammo bu kutilgan samarani bermayotgani ham hech kimga sir emas.
Yoqsa odamlarimiz «kecha supermarketda goʻshtning narxini koʻrib, bir kilo mol goʻshti oʻrniga 60 ta tuxum olishni afzal bildim» degan boʻlarmidi?
Toʻgʻri, hozir koʻpchilik narxni solishtirib, goʻsht yoki oʻsimlik yogʻi oʻrnida boshqa mahsulot olishga intilyapti. Bir parcha et uchun falon soʻm pul toʻlashga har kimning koʻzi qiymaydida! Lekin inson uchun, sogʻlom ovqatlanish uchun har bir mahsulotning oʻz oʻrni, ahamiyati bor.
Xullas, muammo va masalalar bir-biriga bogʻliq. Ularni hal etish uchun chora-tadbirlar belgilanayotgani, loyihalar ishlab chiqilayotganini ham koʻryapmiz, eshityapmiz. Qachonki bu rejalar bajarilsa, loyihalar amalga oshsa, oziq-ovqat xavfsizligi amalda taʼminlanadi, narxi qimmatligi uchun bir mahsulot oʻrniga boshqasini xarid qilmaymiz.
Shaxruza Sattorova