Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 2021-yilning 20 – oktyabr kuni 9 oylik chaqaloqni o‘ldirgan o‘gay otaga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, chaqaloq B.M. ismli erkakning ikkinchi turmushdagi ayolining bolasi bo‘lgan.
«Xotinim ishga deb uydan chiqib ketdi. Kechgacha kutdim, kelmadi. Ertasiga ham kelmadi. Asabim chiqib ketdi, bir otib yubordim (chaqaloqni — tahr.), so‘ng yana belanchagiga solib qo‘ydim», — degan erkak voqea tafsilotlari haqida gapirib.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumaning tanasida ko‘krak qafasi chap lunj sohasida qontalashlar, kalla yumshoq to‘qimasida, bosh miya pardalari osti to‘qimasi va qorinchalarida qon quyilish jarohatlari aniqlangan.
Sudda erkakning aybiga chin dildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani va ayolining undan da’vosi yo‘qligi inobatga olinib, hukm o‘qilgan. Sudlanuvchi B.M. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v,j» bandlarida (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.