Navoiyda haydovchi YPX xodimiga pora sifatida bergan 100 dollar pulini yutib yubordi

Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimiga bergan porasini yutib yuborgan qonunbuzarga chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi.

Qayd etilishicha, Navoiy shahar hududida joylashgan “Qarnab” kuzatuv blok postida 1-smenada xizmat olib borish uchun jalb etilgan YPX inspektori safdor Zafar Muhammadov Qarnab—Navoiy yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Nexia-1 avtomashinasini haydovchi xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan kelayotgani sababli to‘xtatgan.

Haydovchining hujjatlari tekshirilganda toshkentlik haydovchi M.A davlat raqami belgisini o‘zgartirgani aniqlangan. YPX xodimi tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirib, avtomashina jarima maydoniga olib borgan.

Qoidabuzar fuqaro M.A esa YPX inspektoriga mashinasini qaytarib berish evaziga 1 million so‘m pul berishini aytgan. M.A xodimning bir necha marotaba pora berish qonuniy javobgarlikka olib kelishi haqidagi ogohlantiruviga qaramay, taklifini to‘xtatmagan.

Shundan so‘ng safdor Muhammadov viloyat IIB boshlig‘i nomiga o‘z bildirgisi bilan murojaat etgan. Ertasi kuni fuqaro YPX inspektori bilan uchrashib 100 dollarni unga bergan. U holatni o‘rganish uchun kelgan xodimlarni payqagan zahoti pulni olib yutib yuborgan. Tibbiyot xodimlari M.A.da endoskopik tekshiruv o‘tkazib, oshqozonidagi 100 dollarni olgan.

Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.