Namangan viloyatida fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “H.g.”, “K.T.” fermer xo‘jaligi va “Ch.m.” MCHJ rahbarlari tumandagi tijorat banki masʼul xodimlari bilan o‘zaro til biriktirib, 51 nafar fuqaro nomiga quyonchilik va chorvachilik yo‘nalishida ajratilgan 1,3 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Mingbuloq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “T.Yo.” MCHJ rahbari E.Y. hududdagi tijorat banki filiali sobiq mansabdor shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, 8 nafar fuqaroga tikuvchilik yo‘nalishida ajratilgan 143,2 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini MCHJ hisob-raqamiga o‘tkazishga erishib, fuqarolarga mahsulotlarni yetkazib berilmasdan, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.