Eksport hajmini 2023 yilda 1 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilan Elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tildi.
«Misol uchun, birgina qo‘shni davlatlar yiliga o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 6 milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlarini import qiladi.
Lekin, ushbu davlatlar importida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ulushi 5 foizga ham yetmaydi», dedi Prezidentimiz.
Eksportni oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimini maishiy texnika misolida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini kengaytirish uchun Elektrotexnika jamg‘armasiga 20 milliard so‘m ajratiladi.
Ichki bozorga sifatsiz va noqonuniy elektrotexnika mahsulotlari kirib kelishining oldini olish maqsadida:
• eski transformatorlarni importiga chek qo‘yishni;
• maishiy texnikalar markirovkasi tizimini joriy etishni qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda elektrotexnika tarmog‘ida izlanish va rivojlantirish (R&D) bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Bunda, tarmoq mutasaddilari va korxonalari yil yakuniga qadar:
– «Elektroapparat» (muqobil energetika va kuchlanish uskunalari bo‘yicha izlanishlar), «Texnopark» (murakkab qoliplar), «Artel» (maishiy texnika yangi modellari), «Uzkabel» (yangi izolyasiya materiallari va kabel) negizida 4 ta R&D markazini tashkil etadi;
– ushbu markazlarga malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislar jalb qilinadi;
– markazlar uchun Innovasiya jamg‘armasidan 10 milliard so‘m grantlar ajratiladi.
Moliya vazirligiga R&D markazlarini qo‘llab-quvvatlash uchun uch yil muddatga:
– mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizini to‘lash;
– ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida belgilash bo‘yicha qonun loyihasini kiritish topshirildi.
Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilib, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi huzurida Loyihalash va injiniring markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.