Avval xabar berganimizdek, kecha, 12 may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Jaulin tumanida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchrab, avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Qozog‘iston Respublikasining Jambil viloyati Jualin tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tezkor topshiriqlariga asosan Hukumat qarori bilan FVV o‘rinbosari A.Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 13 may kuni soat 18:05 da Jambul oblasti Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borib, Qozog‘istonning masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashdi va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi.
Soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14 may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi “G‘ishtko‘prik” bojxona maskaniga yetib keldi.
Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi.
Bugun, 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirildi, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berildi.
Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qatʼiy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.