(ikkinchi maqola)
Sadoqat tushunchasini, qasamyod tushunchasiga mengzab bo‘lmaydi. Ular tamomila ayro-ayro tushunchalardir. Masalan qasamyod qilayotganingda qasam ichasan. Ha, nekbin va tik turib qasam ichasan. Shunchaki emas, zimmangga yuklanayotgan ilg‘or mas’uliyat, talab, burchlarni-yu shartlarni vijdonan bajarishga qa’tiy bir alpozda ont ichasan.
Eh-he, bu rangin dunyo yaralganidan buyon ne-ne qasamxo‘rlar tomonidan, qanchadan qancha qasamlar ichib yuborilgan. Shunchaki shaklan emas, rasman ichib yuborilgan. Dunyoni titratgan sarkardarlaru imperatorlar ham o‘z ambisiyalari, manfaatlari uchun kiprik ham qoqmay qasam ichib yuborishgan.
Hatto qur’onni ushlab qasam ichib yuborganlari ham ko‘p…
Bugungi modern dunyo esa yanayam surbetlashdi. Jaholatga yuz burdi. Qasam tushunchasi — nisbiy tushunchaga aylanib qoldi. Oqibatda juda ko‘p jamiyatlar psixologiyasi buzilib ketyapti. Muttassil ozorlaru haqsizliklar, huquqsizliklaru tengsizliklar fonida norizoliklaru xaoslar yuz beryapti. Yolg‘on qasam bilan hokimiyatlarni egallab olgan, boz ustiga davlatni nepotizmga aylantirib, g‘irt savodsiz urug‘-aymoqlariga katta-katta amallarni in’om qilib yuborayotgan, xalqni esa yuzsizlarcha talayotgan liderlarga bo‘lgan ishonch tushunchasi esa kun sayin so‘nib boryapti.
Suveren va mustaqil Ukrainada hamon sodir bo‘layotgan xunrezliklar, begunoh odamlaru yosh go‘daklarning to‘kilayotgan qoni nafaqat dunyo jamoatchiligini, balki Yaratganning ham qahrini keltirmoqda. Putin agressiyasi, yaralganidan buyon diktatura va avtoritarizmga asoslangan imperializmdan neoimperializm sari vishillayotgan, bir joyda depsinib chiranayotgan jirkanch tuzumning halokatli intihosiga ham oz qoldi. Haq esa, haqiqat bor joyda, haqiqat tomonda ekanligi tobora ayon bo‘lib boryapti.
Bugun men ko‘rayotgan va zavq olayotgan London ko‘chalari-yu hiyobonlarida, cherkovlaru hukumat binolari tepasida Ukraina bayrog‘i hilpirab turibdi. Bu munosabat zamirida buyuk insoniylik fazilatlari yotibdi, axir. Umumiyat-la, «Chirigan g‘arb», — deya ta’rif berayotgan bizdagi ayrim qulfikr mutaassiblar ta’biridagi g‘arb, Haq tomonda, ya’ni, haqiqat tomonda ekanligi aniq va tiniq namoyon bo‘lmoqdv.
Shunaqa gaplar, birodar!
Har ikki gapining birida sadoqatdan, adolatdan, halollikdan gapiradigan odamning o‘zi avvalo toza bo‘lishi lozim. Ya’ni, musichaday beozor, buloq suvlariday shaffof bo‘lmog‘i kerak. Ammo sadoqat uchun qasam ham, ont ham ichib bo‘lmaydi. Agar kimdir sadoqatga, qasamyodni qorishtirsa, bilingki, bu sadoqat emas, hiyonatdir. Sadoqatga hiyonatdir! Chunki sadoqat uchun shart ham, talab ham qo‘yilmaydi-da.
Xullas, sadoqat bu — hodisadir! U ato etiladi va bir umr vujudda yashaydi.
Tamom!
Suratdagi mana bu ko‘zoynakli yigit — Ma’rufjon ismli tutingan ukam. Qiyomatli ukam, desam ham bo‘laveradi. Ajoyib yigit. Bulung‘urlik. Oliy ma’lumotli pedogog. Taqdir va yillar sinovlari bilan Londonga o‘qishga kelgan. Shu yerda ishlaydi va juda ko‘p do‘stlari bor.
Sadoqatga qasamyod qilinmasligini, sadoqatning quyma bir hodisa ekanligini, uning kamdan-kam odamlarga ato etilishini yana bir karra mana shu yigit timsolida aniq va tiniq ko‘rdim.
Xullas, bor bo‘l, oqibat.
Omon bo‘l, Ma’rufboy!
Umid SORIYEV,
jurnalist.
Birinchi maqola quyidagi havolada