Tafakkur vaqti: Yaxshilik qil, suvga sol, baliq bilar, baliq bilmasa – Xoliq (Xudo) bilar

Rivoyat qilishlaricha, bir odil podshohning yakkayu-yolg‘iz o‘g‘li nihoyatda erka bo‘lib o‘sibdi. Kunlardan bir kun shahzoda ko‘ngli kemada sayr qilishni tusab qolganini bildiribdi. Havo bulutli bo‘lganligi sabab, bunday ob-havoda sayrga chiqish xavfli ekanini aytgan mulozimlar baloga qolishibdi. Erka shahzoda o‘z bilganidan qolmabdi.

Bir payt dengizda qattiq shamol ko‘tarilibdi va qirg‘oqdan ancha ilgarilab ketgan kema suvga g‘arq bo‘libdi. Taqdirni qarangki, shahzoda suvda suzib, narigi qirg‘oqqa arang yetib olibdi va xushini yo‘qotibdi.

O‘ziga kelgach, kema butunlay yo‘q bo‘lgani, hamrohlari esa halok bo‘lganligini bilibdi. Kemaning taqdiridan ogoh bo‘lgan podshoh shahzoda va xamrohlarini topa olmagach, ular uchun aza ochibdi.

Shunday kunlarning birida shu yurtning baliqchilari shohning o‘g‘li tirik ekanligi haqidagi xushxabarni yetkazibdilar.

Nihoyat, podshoh o‘g‘lidan shuncha kun kimsasiz joyda, ochlikda qanday yashaganini so‘rabdi. Shaxzoda esa qirg‘oqda egasiz bir kemada jon saqlagani va har kuni bir paytda suv yuzida bittadan bug‘doy noni oqib kelgani, shu nonni yeb omon qolganini aytibdi. Shunda podshoh bu sirning tagiga yetishlarini buyuribdi.

Mulozimlar qirg‘oqda o‘tin terib tirikchilik qiluvchi choldan bo‘lak hech kimni topa olishmabdi.

Voqeadan xabardor bo‘lgan qariya, har kuni ikkita nonni beliga bog‘lab o‘tin tergani ketishini, tushlik payti bitta nonni o‘zi yeb, ikkinchisini baliqlar yesin deb suvga tashlashini, bu ishi oxiratga savob uchunligini aytibdi. Shoh bu so‘zlardan ta’sirlanib, saxiy cholni siylabdi.

Beminnat yaxshiligi uchun saroyga bog‘bon qilib ishga olibdi.