Shavkat Mirziyoyev shaharni qurish bosh rejasini ishlab chiqish monopoliyasini tanqid qildi

Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda
auksionga taklif etilgan 45 mingta yerning 3 mingtasi kelishiladigan idoralar tomonidan qaytarilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bunga asosiy sabab hududlarning bosh rejasi yoki arxitektura rejalashtirish loyihalarining yo‘qligidir.

Shaharlarning bor-yo‘g‘i 30 foizida bosh reja, qishloqlarning 1 foizida arxitektura rejalashtirish loyihalari mavjudligi tanqid qilindi.

«Ochiq aytish kerak, shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqishni davlat loyiha institutlari «monopoliya» qilib olgan.
Investisiya dasturlari doirasida davlat loyiha institutlariga har yili katta mablag‘lar ajratilayapti, lekin bironta tuman yoki shaharning bosh rejasi oxiriga yetkazilmagan.

Narxlar ham chet ellik yoki xususiy loyiha tashkilotlari narxlariga nisbatan bir necha barobar qimmat.

Shu bois, qurilish sohasini transformasiya qilish bo‘yicha ham alohida muhokama o‘tkazaman», – dedi davlat rahbari.