Yozuv mashinkasida hayotga kelgan suratlar

25 yoshli angliyalik rassom Jeyms Kuk ana shunday mahorat egasi. Bir kuni u Londondagi ofisida o‘tirganda chamasi 40 tadan ko‘proq yozuv mashinkasi kolleksiyasidan foydalangan holda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usulda rasmlar yaratuvchisiga aylanadi. Ushbu mashinkalar kolleksiyasi esa uning muxlislaridan esdalik bo‘lib qolgan.

Odatda, Jeyms turli xildagi personajlarning tasvirlarini chizadi. Uning ishlaridan o‘rin olgan suratlar bino va landshaftlar tasviridan tortib, jonivorlar, shuningdek, mashhurlar qiyofasini o‘z ichiga oladi.

Eng qiziq jihati, yozuv mashinkasida ushbu qiyofa va tasvirlarni birlashtirish uchun u harflar, raqamlar, tinish belgilaridan foydalanadi. Ushbu yozuv mashinkasi rassomi bo‘lib ijod qilishni u 1920- yillarning mashhur yozuv mashinkasi rassomi bo‘lgan Pol Smitning ishlaridan ilhomlanib, 2014 yilda boshlagan.

  • Bu ish bilan shug‘ullanish shunchaki qiziqish bo‘lmagan. Shu sabab o‘z yozuv mashinkamni sotib olishga qaror qilganman. O‘shandan buyun oz-ozdan mashinkada tasvir yaratishni o‘rgana boshlaganman,- deya ijodni qanday boshlaganini tushuntiradi rassom.

Ayni paytda Jeymsning Instagram sahifasidagi kuzatuvchilar soni 20 mingdan oshiq. O‘z muxlislarini zerriktirmaslik uchun u har kuni o‘zi yaratgan suratlarning videosini qo‘yib boradi. O‘zining aytishicha, mashinka orqali A4 formatdagi qog‘ozda bitta suratni yaratish uchun 4 kundan 5 kungacha vaqt sarflanadi.

  • Albatta, hech narsa oson bo‘lmaydi. Doim qiyin bo‘lgan, — deydi u. Jeyms o‘z ishini tabiat qo‘ynida qilishni yoqtiradi. Sababi u yerda kuzatuvchilar e’tiborini doim o‘ziga qaratib kelgan.
  • Odamlar qilayotgan ishimni ko‘rgach, odatda, chalg‘ishadi. Meni xuddi nimalardir yozayapti, deb o‘ylashadi. Ammo keyinroq yaqindan qarashsa, yaxshigina tasvir paydo bo‘lganini ko‘rishadi.

Jeymsning o‘z shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazish niyati ham yo‘q emas, albatta. Rassom shu yilning 15 iyulidan 7 avgustigacha Finchingfield’da joylashgan Wonky Wheel Galeriyasida o‘z ijodiy ishlarini ommaga namoyish etishni ham rejalashtirib qo‘ygan.

Mashhura KARIM tayyorladi.