Donishmand xalqimizning «Mening nafsim balodir, yongan o‘tga solodir», degan yaxshi bir naqli bor. Bejiz aytilmagan. Haqiqatda, bu nafs o‘lgur balo-da. Teshik xaltaga o‘xshaydi. Qancha solsang to‘lmaydi ham, to‘ymaydi ham. Xuddi «ba’zi» amaldorlarga o‘xshab… Aksincha, eniga qarab shishgani-shishgan. Uning kasofatiga bir yoqda oddiy xalqning biri ikki tugul yarim ham bo‘lmayapti.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Yashil makon» loyihasi bo‘yicha turli joylarda ko‘chatlar ekish, daraxtzorlarni obodonlashtirish ishlari bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Ammo loyihadan kutilgan natijalarning oyog‘i osmondan bo‘lib yotibdi. Nega deysizmi?
Keling, masalani birgina Andijon viloyati Asaka tumanidagi holat misolida tushuntirib o‘tsak. Asakalik Otabek Nuritdinov elim deb yonib-kuyib, o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urib yuradigan kuyunchak tadbirkorlardan. U «Yashil makon» loyixasini o‘z tumanida rivojlantirish maqsadida o‘zi istiqomat qilayotgan yerga bor bisotini tikib, 300 ming nihol EKDI… Ming afsuslar bo‘lsinki, bu nihollarning deyarli barchasi nobud bo‘ldi.
Ishni boshlash uchun so‘ralgan 6 gektar yerning tuman mutasaddilari tomonidan fevralda «beramiz» degan va’dasidan iyungacha ham darak bo‘lmagach O. Nuritdinovning o‘z yeriga ekkan ko‘chatlari o‘sib, joy va qarov ehtiyojlarini «qo‘msab» quriy boshlagan.
«Ko‘chatlarni ekishga, odam yollab ishlatishga mablag‘im qolmay tuman xokimiga «bir o‘zimga og‘irlik qiladi buncha ko‘chat, obodon, qishloq xo‘jaligi va kimda imkon bo‘lsa, ular ham olib ketib ekishsin yerga, baribir buncha ko‘chat 6 gektar yerga sig‘maydi» deya iltimos qildim. Hokim topshiriq berdi, lekin na obodon, na qishloq xo‘jaligi birontasi nixollarni ekishga olib ketmadi», deydi tadbirkor. Ancha qistovlardan so‘ng, dab-durustdan so‘ralgan yerning atigi 2 gektarini ajratishgan.
Boriga shukr, deya ne ko‘z bilan yerni borib ko‘rsa, eng muammoli va hatto odam yashasa ham baraka topmaydigan joy bo‘lgan. Na tuproq unumdor va na suv keladi. Bir yoqda bankrot bo‘lib qolgan tadbirkorning odam yollab ishlatishga ham, yollangan odam u yoqda tursin o‘z xotin va bola-chaqasining non-choyiga xam mablag‘i qolmagan.
— Ishonch bilan yashil makon loyixasiga urinib, daraxtlarni ko‘paytirsak, iqlimda namlik ko‘tariladi, yer osti suvlari qaytadi, degandim. Lekin nafsiga o‘ch bo‘lgan mansabdorlarni xisobga olmagan ekanman. Ular tarafdan turli to‘siq, muammolar yaratilishini bilmagandim», deydi afsus va alamdan yonayotgan tadbirkor.
Bor bisotini shu ko‘chatlarga tikkan O. Nuritdinovning aytishicha, mutasaddilar fermerlarni qaqshatib, tuman adirlaridagi xosildorligi past yerlarga 36 syentner g‘alla rejasini bajarishni yuklagan, xosildorligi baland yerlarga esa g‘alla o‘rniga ko‘kat yetishtirilishiga ruxsat berib, shu yerlardan mo‘may daromad qilib «yumaloq qorni»ni battar shishirib yuribdi. Yerlarni tadbirkorlarga sotib yuborishgan, “to‘ri meni bunga isbotim yo‘q, lekin yerlar sotib yuborilgani aniq, bo‘lmasa suvli yerlarni boshqa viloyatlik tadbirkorlarga berib yuborilishini qanday tushunish mumkin”, deya ta’kidlaydi nuritdinov.
Aslida bu yerlarga, bu loyihaga davlat qanchadan-qancha milliardlab mablag‘ ajratgan. Bu «akaxonlar» esa aholiga na ajratilgan mablag‘ bilan yordam qiladi, na o‘z mablag‘i evaziga ko‘chat ekmoqchi bo‘lganlarga yer beradi?
—Viloyat xokimiga raxmat, katta yordam qilib qo‘lladi. Lekin pastda yana o‘sha ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tilmadi. Yashil makon loyihasiga nafaqat borimni tikdim, xatto katta qarzga xam kirishga to‘g‘ri keldi. Natijani ko‘rsalar, moliyaviy taraflama qo‘llov bo‘ladi, ishlar joyiga tushadi, degandim. Lekin mahalliy amaldorlar har taraflama to‘siqlarga duchor qilib, loyixa amalga oshmasligi uchun qo‘ldan kelganicha xarakat qildilar va uddasidan chiqdilar, — deydi kuyinib.
«Buzoqning yugurgani somonxonagacha» deyishgan. Ammo o‘z nafsi yo‘lida bir chetdan davlat xirmonini kemirayotgan bu kalamushlar o‘z «somonxonasi» ga qachon yetarkin? Mavlono Rumiy «Odam taqiqlangan narsaga nisbatan ochko‘z bo‘ladi» deganda teskari yo‘l tutishni nazarda tutganmi shunda ? Bemalol kemiraveringlar, davlatdan ajratilgan pullar, avvalo, sizniki, mabodo ortsa xalqniki, ortmasa ham mayli, degan so‘zlar bilan vazifani yo‘naltirish kerakmikin endi? Yaxshi gap bilan inidan chiqqan ilondan xam havfli bo‘lib chiqyaptimi bu «uddaburonlar»…?
Ushbu masala bo‘yicha mas’ul idoralardan hamda ekologiya qo‘mitasidan muammoni o‘rganib o‘z munosabatlarini bildirishini kutib qolamiz. Zero bu xabarlarni Nuritdinov o‘z ijtimoiy sahifasiga joylaganiga ko‘p bo‘ldi, ammo hanuzgacha biror sado chiqqani yo‘q…