Ikkita mashina to‘qnashishi oqibatida 8 kishi yonib ketdi — Qashqadaryo

Qashqadaryo viloyati IIB Murborak tumanida ikki avtomobil yonib ketgani tasvirlangan videoga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Muborak tumanida «Spark» hamda «Gentra» rusumli avtotransport vositalari yonib ketgani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan o‘rganish yakuni bilan qo‘shimcha axborot beriladi.

Katta tezlikda harakatlanayotgan mashinalardan biri ikkinchisining yo‘liga chiqib ketib o‘zaro to‘qnashgan. Shundan so‘ng yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda har ikkala mashina va ularda bo‘lgan sakkiz kishi yonib ketgan.