Erta turish va muvaffaqiyatga erishishning birdan bir yo‘li. Bu o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida isbotlangan. Chunki erta uyg‘ongan odamlar kech turganlarga qaraganda ancha faolroq bo‘lib, kun davomida diqqatli bo‘lishi barobarida, kognitiv qobiliyatga ega bo‘lishadi.
Eng muhimi, kimdir ibodat qilish uchun, kimdir ishga kech qolmaslik uchun, yana kimdir ertalab dars tayyorlash yoki badantarbiya bilan shug‘ullanish uchun barvaqt turishga intiladi.
Ayniqsa, oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlanayotgan abituriyentlar uchun erta turish juda muhimdir. Hech qanday ishi bo‘lmagan odam uchun ham erta turish zarar qilmaydi.
Hakim zotlar, erta turish inson rizqini ko‘paytiradi, deganlar. Bu haqiqatdan ham rost. Chunki erta turgan odamning ishida unim, vaqtida esa baraka bo‘ladi.
Yana bir gap, kayfiyatning ko‘tarinki, ruhan tetik bo‘lishning siri ham uyqudan erta uyg‘onishda. Shuning uchun erta turishning zarurati va foydalari haqida oldindan aniq to‘xtamga ega bo‘lish kerak. Chunki ertalab turib, nima bilan shug‘ullanishni bilmaydigan, aniq rejasi yo‘q insonda yana uyquga ketib qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Aql yaxshi ishlaydigan payt ham, aslida tong vaqtida bo‘ladi. Ana shu paytda uyg‘ongan har qanday kishining aqli yanada tiniq bo‘lishi barobarida, g‘ayratli va shijoatli bo‘ladi.
Ertalab turishda nafaqat jismoniy, balki ruhiy foydalar ham juda ko‘p. Erta turgan odamda hayotga muhabbat, o‘ziga ishonish kabi muhim tuyg‘ular kuchli bo‘ladi. Qolaversa, uzoq umr keruvchilarning aksariyati erta turishga odatlangan odamlar bo‘lgani ham ilmiy haqiqatdir.