Barchamiz bilamizki, bugungi kunni avtomobilsiz tasavvur qilish qiyin. Shuningdek, ushbu texnika asrida ekologik muvozanatning buzilishi oqibatida yuzaga kelayotgan turli-tuman kasalliklar tufayli dori-darmonsiz ham yashab boʻlmaydi. Ayniqsa, rulga oʻtiradigan boʻlsangiz dori isteʼmol qilishda oʻta ehtiyotkorlik talab etiladi.
Avtomobil haydovchilari yoʻlga chiqishdan avval markaziy asab tizimiga taʼsir etuvchi, uyquni chaqiruvchi, bosh aylanishini vujudga keltiruvchi, diqqat-eʼtiborni susaytiruvchi ayrim dorilarni, yaʼni uyqu dori, tinchlantiruvchi, yoki ruhiy siqilishga qarshi, tomir tortishi va turli toshmalarga qarshi pipolfen, tavegil, suprastin kabi dorilarni isteʼmol qilmaganlari maʼqul. Toʻgʻri, yoʻlga chiqishdan oldin kim ham uyqu dorini ichardi, bu kulgili, albatta. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bir kun avval ichilgan uyqu dorisi ertaga ishga ketayotganda ruldagi kishi uchun halokatni keltirib chiqarishi mumkin. Negaki, ayrim dorilarning taʼsir kuchi 10 soatdan 70 soatgacha yetadi. Bular diazepam, medazepam, radedorm, tazepam, eleniumlardir.
Amaliyotda shu narsa kuzatilganki, yurak ogʻrigʻiga qarshi vositalar (atenolol, metatsin, platifillin, pirezipin) koʻzning tez ilgʻab olish va koʻrish qobiliyatini susaytirishi mumkin.
Yoʻtal va bosh ogʻrigʻiga qarshi yoʻlda ichilgan dorilar ham haydovchi uchun xavfsiz deb boʻlmaydi. Ayniqsa, tarkibida kodeyin boʻlgan tramedol, tramalt retard, pentalgin, sedalgin tabletkalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalangan maʼqul. Surgi dori haqida esa umuman gapirmasa ham boʻladi. Demak, yuqorida qayd etilgan dorilar isteʼmol qilinsa, rulga oʻtirmaganingiz maʼqul. Shunda yoʻldagi turli koʻngilsizliklarning oldini olgan boʻlasiz.
Oʻylaymizki, yaqin yillarda haydovchilar harakatiga aks taʼsir etuvchi hap dorilarda “harakatda taʼqiqlanadi” degan yozuv paydo boʻlsa ajab emas. Hozircha esa dorilarning aks taʼsirini erinmay oʻqib chiqib, soʻng isteʼmol qilishingizga toʻgʻri keladi.