Maymun chechagi virusi qisqa muddatda dunyoning katta qismida tarqalib ulgurdi. Ayniqsa, Amerika, Yevropa va Afrika qit’alarida kasallikdan aziyat chekayotganlar ko‘p.
Hozir bu infeksiyaga xos asosiy belgilar ko‘pchilikka ma’lum. Ya’ni xastalik toshma, isitma, charchoq, bosh, tomoq va mushaklar og‘rig‘i, qusish, diareya kabi alomatlar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Ammo virus keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan og‘ir asoratlar xususida hali yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz. Vaholanki, bu bemorlar hayotini uzaytirish va salomatligini tiklashda juda muhim.
Shundan kelib chiqib, Buyuk Britaniya olimlari maxsus tadqiqot o‘tkazdi. Unga mazkur kasallikka chalingan 1,5 ming nafardan ortiq kishi jalb qilindi.
Metaanaliz natijalari shuni ko‘rsatdiki, maymun chechagi bemorlarda tutqanoq, xotira yo‘qolishi va ensefalit kabi tipik bo‘lmagan miya asoratlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Tadqiqot davomida ishtirokchilardan 2,7 foizi tutqanoq, 2,4 foizi xotira yo‘qolishi va 2 foizi ensefalitdan aziyat chekayotgani aniqlandi. Shuningdek, bemorlarning yarmidan ko‘pi depressiyadan shikoyat qilgan.