Prezident turizmni rivojlantirish kerakligi haqida gapirdi

Davlatimiz rahbari bu yili turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganini ta’kidladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Jumladan:

  • sentyabrgacha bo‘lgan davrda yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paydi va 3,1 million nafarni tashkil etdi;
  • yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 million dollar bo‘ldi (2019 yil davomida 951 million dollar bo‘lgan);
  • yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati o‘rtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablag‘i 305 dollargacha ko‘paydi (bu 2019 yilda o‘rtacha 3 kunni tashkil etib, ular 195 dollar sarflagan);

Ichki sayohat qiluvchilar soni ham o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o‘sib, 7,5 million nafarni tashkil qildi.

Turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo‘liga ish haqi bo‘lib borishi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Turizm sohasida yaratilgan bitta ish o‘rni turdosh tarmoqlarda qo‘shimcha ikkita ish o‘rni paydo bo‘lishiga turtki beradi.

Buni tushungan viloyat, tuman va shahar hokimlari tadbirkorlar bilan ishlab, sayyohlar keladigan joylarni ko‘paytirayapti.