To’ra Bobolovga jarima jazosi qo‘llandi, bir qator hokimlar ishdan olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun Asaka tumani hokimi M.Alixonov va Farg‘ona tumani hokimi Sh.Muminov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek:

— rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun Paxtaobod tumani hokimi E.Usmonov, Nurobod tumani hokimi Sh.Yuldashev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

— Namangan viloyatiga xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun “O‘zbekchorvanasl” agentligi direktori B.Atamuradov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

— o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolovga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

— davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun Andijon tumani hokimi A.Egamberdiyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.