Daraxt kushandalari yana jarima bilan qutilib qoldi. O‘rda bog‘ida nima gap?

Kuni kecha navbatdagi daraxtkushlik Jizzax shahar O‘rda bog‘ida ro‘y bergani, noma’lum kishilar chinor daraxtlarini bemalol kesishgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat yuzasidan Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, bog‘ hududidagi 2 tup qurigan holatdagi chinor daraxtlari Jizzax shahar bog‘larni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish departamenti brigadiri M. X. ismli fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda kesilganligi ma’lum bo‘lgan.


Mazkur holat bo‘yicha unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi, 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jarima chorasi belgilangan.

Bizga kelgan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, M. X. Ga nisbatan 1 500 000 (bir million besh yuz ming) so‘m miqdorida jarima to‘laydi. Bog‘ hududida yana shu kabi 10 dan ortiq daraxt qurigani va yaqin kunlarda kesilishi kerakligi aytilmoqda. Agar ushbu tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmaganida jarima ham belgilanmasdan yopdi-yopdi bo‘lib ketardi…

Izoh sifatida qurigan deya ta’kidlangan chinorlar qurimagan ekanligini ko‘rish qiyin emas. Qo‘shimcha sifatida aytadigan bo‘lsak daraxt kesishga moritoriy o‘rnatilganiga 3 yil bo‘ldi, biroq hamon daraxt kesish bo‘yicha qonun buzilish holatlari kamaygan emas. Hokimliklardan tortib boshqa tashkilotlargacha arzimas vajlar bilan daraxtlarga qirg‘in keltirish estafitasi davom etib kelmoqda. Ekologiya qo‘mitasi esa har doimgidek g‘isht qolipdan ko‘chganidan so‘ng xabar topadi va arzimas rasmiy munosabat bilan qutilib qoladi.

2022 yil 1 apreldan boshlab daraxt kesishga oid huquqbuzarliklar haqida foto va videolarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning bir baravariga (270 ming so‘m) teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan edi. Bu prezidentning 31 dekabrdagi farmonida o‘z aksini topgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasiga IIV va Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oyda davlat ekologik nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va IIV bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar quyidagilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan «Yashil makon» platformasini ishga tushirishi belgilangandi.


• hududlarning tuproq-iqlim xususiyatlari, ularda mavjud daraxtlar soni, turi va joylashuvi, shaharlarning ko‘kalamzorlashtirilganlik darajasi;
• aniq hudud (tuman (shahar), mahalla va yer uchastkasi) kesimida aholining shaxsiy tashabbusi asosida daraxtlar ekilishi mumkin bo‘lgan manzillar va daraxtlarning turlari;
• aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun berilgan ruxsatnomalar;
• aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish va ko‘chirish bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar va ular bo‘yicha ko‘rilgan choralar.

Platformaga kirib ko‘rganimizda viloyatlar kesimida ishlar binoyidek ketayotgan (albatta barchasi qog‘ozlarda joyida, biroq hech qaysi hududning ekologik holati inobatga olingan holda daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmagan. O‘tqazilgan ko‘chatlar raqamda bo‘lgani bilan ularning rivojlanishi va sug‘orilishi nazoratga olinmagan) Toshkent shahri ko‘rsatgichi esa no ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Ekologik holat har kim o‘zi sezib turganidek kundan kunga yomonlashib bormoqda, Toshkent shahri va viloyat markazlari, kichik shaharchalarda aholi muntazam allergik kasalliklar bilan kurashishga majbur. Chang bo‘ronlari kunda kunora hamma hududda yuz beradi. Shu kabi muammmolarning orqasi ko‘rinmaydi. Ekologiya qo‘mitasi mas’ullari Prezident oldida hisobot berishga yaxshi, joylarda o‘rganish ishlarini olib bormaydi. Hokimliklardan yoki boshqa tashkilot amaldorlaridan tili qisiq joyi bordek ularning daraxt kesishlariga to‘sqinlik qila olmaydi.


O‘rnida eslab o‘tishimiz kerak bo‘lgan, ishga tushganiga roppa-rosa bir yil bo‘layotgan EkoPatrulchilarimiz qayerda ekanligi ham bizga qiziq. Ularga maxsus avtomashinalar topshirilgan, bir ikki marta ko‘pqavatli uyning biqinida yoz oftobidan berkinib mashinada uxlab yotgan ekopolisiya xodimlariga ko‘zim tushganini aytmasam ularni hech uchratmaymiz. Nega endi ular ish vaqti davomida hududlarni, asosan daraxt kesilish xavfi ostidagi hududlarni nazoratga olishmaydi? Ishlamasdan turib oylikni sanab olish vijdonlariga to‘g‘ri keladimi?
Ularning farzandlari ertasi haqida, salomatligi, yashab turgan hududi, shahri kelajagi haqida qayg‘urishga vaqti yo‘qmi???…