Oliy Majlis deputati Prezident farmoni bajarilmaganini tanqid qilib chiqdi

Oliy Majlis deputati Prezident farmoni bajarilmayotgani haqida yozmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi Farmoniga muvofiq, Prezident huzurida Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari tashkil etilishi belgilangan edi.

Jamoatchilik palatasini tashkil etishdan asosiy maqsad aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning o‘zaro yaqin hamkorligini o‘rnatish, shuningdek davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdan iborat.

Jamoatchilik palatasining asosiy vazifalari qatorida “aholi fikrini tizimli o‘rganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ularning yechimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar kiritib borish” belgilangan.

Farmonga ko‘ra:

➖ Jamoatchilik palatasi raisi va hududiy jamoatchilik palatalari raislari jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi;

➖ Jamoatchilik palatasi raisi maqomi hamda transport va tibbiy ta’minotiga ko‘ra vazirga tenglashtirilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Jamoatchilik palatasining Apparati Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasi 1a-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilib, Moliya vazirligi Apparatga 4 ta avtomobil ta’minoti uchun limit ajratishi belgilangan.

Prezidentning ushbu Farmoni hamon o‘z kuchida.

Biroq negadir biz Jamoatchilik palatasining ishlayotgani, raisi kimligi va shu kunga qadar nima qilganini bilmaymiz, kontaktlari ham yo‘q. Aytishlaricha, Jamoatchilik palatasi umuman tuzilmagan.

Nima deyishga ham hayronmiz: jamoatchilikka kelganda Prezident Farmoni ham ishlamasa…

Farmon bajarilmasa, nega qabul qilingan unda?