Joriy yilning 14 iyul kuni Kun.uz rasmiy saytida “MIB yana o‘z “repertuarida”. Undiruv hokimlikka qadalganida qo‘llar cho‘ntakka solinadi” nomli xabar yoritildi. MIB ushbu maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.
“Mazkur xabarda Toshkent shahar hokimligi hisobidan undiruvchi “Xisorak Beshyogoch” mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) foydasiga 88 mlrd. 566 mln. 751 ming so‘m kompensasiya to‘lovi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ijrosi ta’minlanmayotgani, shuningdek holatga izoh bergan markaziy apparat bosh inspektori O.To‘rabekov tomonidan berilgan izohdan qoniqmaganligi bildirilgan.
Mazkur ishi bo‘yicha to‘xtalsak, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 25.03.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor Toshkent shahar hokimligi hisobidan undiruvchi “Xisorak Beshyogoch” mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) foydasiga 88 mlrd. 566 mln. 751 ming so‘m kompensasiya to‘lovi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati joriy yilning 4 aprel kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining markaziy apparati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilib, taraflarga yuborilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan qarzdorning bankdagi tegishli hisob raqamlariga band solingan.
Shuningdek, ijro harakatlari davomida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarori Toshkent shahar hokimligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ijro uchun yuborilganligi aniqlangan.
Hozirda, ushbu sub’yektga kompensasiya to‘lovlarini qoplash masalasi Toshkent shahar hududiy kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Hozirda mazkur ijro ishi yuzasidan majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda. (Joriy yilda olib borilgan ijro harakatlari davrida, 82 mlrd. so‘mdan ortiq 49 ta ijro ishlari bo‘yicha kompensasiya mablag‘lari undirib berilgan.)
Aytish joizki, Kun.uz rasmiy saytidagi “MIB yana o‘z “repertuarida”. Undiruv hokimlikka qadalganida qo‘llar cho‘ntakka solinadi” nomli xabar aslida haqiqatga mos emas, kompensasiya to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha qonunda belgilangan harakatlar amalga oshirilgan va ular hozirda ham davom etmoqda.
Holatga izoh bergan xodimning intervyu ortidagi so‘zlarini rasmiy munosabat tarzida, o‘zi bilganicha talqin qilish jurnalist etikasiga xos emas.
Chunki, intervyu ortidagi so‘zlar doim ham rasmiy izoh bo‘lmasligi mumkin.
Zero, haqqoniylik va xolislik jurnalistlar faoliyatining asosiy qoidalaridir.
Qarorlar ijrosi ortida fuqaro hamda jamiyatlar manfaatlari bor ekan, u albatta ijro etiladi va bunda qonunlarga tayanadi, “repertuar”larga emas”, deyiladi rasmiy munosabatda.