Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan koinotga nano SPUTNIK uchirildi

O‘zbekistonda ilk bor Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqarilgan CubeSat (nano sun’iy yo‘ldosh) stratosferaga uchirildi. Bu haqda «yuz.uz» universtet matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, vazni 2.5-3.0 kg bo‘lgan, U-klasdagi ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar olib borish uchun bir nechta modullardan tashkil topgan 10 sm kub xajmdagi sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi.


CubeSat bir qator sensor qurilmalardan tashkil topgan bo‘lib, yerdan uzoqlashish balandligini, stratosferadagi havo namligi, shamol tezligi, havoning ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi va boshqa turdagi fizikaviy ma’lumotlarni onlayn tarzda universitetda joylashtirilgan ma’lumotlarni qabul qiluvchi stansiyaga uzatdi, kelgusida qabul qilingan ma’lumotlar geodeziya sohasida ilmiy-tadqiqot olib borish uchun tahlil qilinadi.


Shuningdek, CubeSat uchishi davomida video tasvirlarni onlayn tarzda uzatdi, ushbu ma’lumotlar yordamida kelgusida geo axborot tizimlari yo‘nalishidagi tadqiqotlarda foydalaniladi. Ushbu yo‘ldoshni tong saharlab uchirishdan maqsad, geliy gazi bilan to‘ldirilgan shar, xavo harorati ko‘tarilishidan oldin stratosfera qatlamiga ya’ni 20 km balandlikga ko‘tarilib olishi kerak. Geliy gazi issiq haroratlarda o‘zining uchuvchanlik hususiyatlarini yo‘kotadi. Bizning yo‘ldoshimiz troposfera qatlamini bosib o‘tgandan so‘ng, stratosfera qamlamini zabt etdi va kerakli balandlikga ko‘tarildi.

“Yurtimizda kosmik faoliyatni rivojlantirishga davlat rahbari tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. Xususan 2019 yil 30 avgustdagi PF-5806-sonli “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida yurtimizda «O‘zbekkosmos» agentligining tashkil etilishi ushbu sohaga yoshlarimizni yanada qiziqishini uyg‘otdi. Bugungi tadbir doirasida kosmik tadqiqotlarga bag‘ishlangan loyihani amalga oshirishdan maqsad, universitetimiz talaba-yoshlarini kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovasion ishlarni rivojlantirishga qiziqishini uyg‘otish va ushbu sohada nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash”, — deb ta’kidladi Jamshid Shuxratullayevich Inoyatxodjayev, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori.


Loyiha muallifi Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabasi Ziyodulla Butaxonov boshchiligidagi bir guruh talabalar NASA rekordini yangilashga urindilar.
Kosmik faoliyatni rivojlanishi kelgusida yer resurslaridan samarali foydalanish, geo axborot tizimlaridan foydalangan holda geodeziya, kartografiya va kadastrni shakllantirishda yordam beradi. Shuningdek, geo axborot tizimlarini rivojlantirish orqali shahar markazlarida paydo bo‘layotgan avtotransport vositalarining tirbandligini, avto yo‘llardan foydalanishni optimallashtirish orqali kamaytirishga erishiladi.

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *