21 sentabr holatiga ko‘ra, jahon savdo bozorida bir tonna tolaning tannarxi 2 ming 255 dollardan qimmatroq etib belgilandi.
Vaholanki, bir tonna qo‘lda terilgan paxta uchun birinchi terimda 1,2 million so‘m, ikkinchi terim uchun esa 1,5 mln so‘m haq to‘lanyapti.
Bir sog‘lom inson paxta mo‘l-ko‘l bo‘lib yetilganda ham kuniga 100 kilogramm paxta yig‘ib olsa do‘ppisini osmonga otsa arziydi. Bu taxminan 120 ming so‘m bo‘ladi. Ana boring, undan soliq olinmagan taqdirda ham, yoki kunligini kunlik berib turilganida ham, agar terimchi dalagacha kira haqi to‘lamay kelsayam yonida qancha qoladi? Albatta ikki mahal ovqat yeyishga majbur.
Maksimal tejagan taqdirda ham 100 kilogramm teruvchi dehqonga 100 ming so‘m qoladi. Egilgan bellar hisobi, qadoq bo‘lgan qo‘llar hisobini bir chetga chiqarib qo‘ysak ham bu oddiy o‘zbekning kosasi yana oqarmay qolaverayapti-ku.
Bir mavsumda 5 tonna tersa ham 6 million so‘m yo topadi yo topmaydi. Bu aqchaga bitta sog‘in sigir ham ololmaydi…
Bir kilo paxta tolasi taxminan 24 mingga aylanyapti. Mayli necha kilogramm paxtadan necha kilogramm tola, qancha chigitu qancha qimmat yem olinishini matematika qilib o‘tirmaylik.
Vaholanki oddiy mardikor ham bugungi kunda ikki mahal ovqatini bersangiz 100 ming so‘mga ishlashga ko‘nishi mahol. Ko‘rib turganimizday bu pulga biror narsa orttirib olish qiyin. Ammo boshqa ish yo‘q odam albatta paxta terimga chiqishga majbur.
Birdan 2000 so‘m yoki 3000 so‘mdan to‘lab qo‘yilaversa bo‘lmaydimi?
Bo‘ladi. Faqat kimningdir cho‘ntagigiga ozroq kiradi. Xalq esa yopirilib paxta dalasiga chopadi. Bir misqol ham dalada qolmaydi. Ko‘saklarni «uf-uf»lab pishirishadi kerak bo‘lsa. Yig‘im-terim ham hokimbuvalarga ortiqcha yuk bo‘lmaydi. Bu keyingi yil mo‘l hosil olish garovi ham hisoblanadi…
Gap shundaki, bugun davlat rahbari majburiy mehnat butunlay yo‘q bo‘lgani haqida qancha ko‘p gapirmasin, mehnatga haq to‘lashning adolatli bozor mexanizmlari yaratilmas va ikki tomonning ham foyda olishi haqida bormas ekan, bu tizimni mukammal va kafolatli deb bo‘lmaydi.
Birinchi yomg‘ir yog‘ishi va sovuq tushishi bilan hokimlar shoshib, xatoga yo‘l qo‘yib qo‘yishi mumkin. Tegishli komissiya raisi Tanzila Norboyeva esa butun mamlakat dalalari bo‘ylab odam qo‘yib nazorat qilib o‘tirishga vaqti ham, imkoni ham yo‘q. Albatta, xalq boyisa, o‘sha kimlardir ham boyishini afsuski ular hanuz tushunishmagan ko‘rinadi. Balki, prezidentlikka nomzod biror partiya yetakchisi hozirgi qizg‘in saylov davrida millionlab qorako‘zlarni o‘ylab bu haqda bong urib qolar. Afsuski, birinchi kunlarda bu haqda hech kim gapirmadi. Siyosiy partiyalar yetakchilarining paxta dalasida etakda ko‘rarmiz balki…