Toshkent shahrida deyarli hamma narsani topish mumkin-u, lekin joy masalasiga kelganda bu gapimizni to’liq tasdiqlay olmaymiz. Bunga oddiygina avtoturargoh tizimlari qoniqarlimi degan savolni o’zimizga berib ko’rsak, «Ippodrom» bozori atroflarida katta yo’l atrofiga mashina qo’yish mumkin emasligi haqida qator belgilar osib tashlanganligi, o’zi yurar radarlar nazorati yo’lga qo’yilganlidan ko’pchilikning xabari bor ekanligini yaxshi bilamiz.
So’nggi vaqtlarda Toshkent yo‘llarida piyodalarning yo‘llarini band qilib, o‘z avtotransport vositasini trotuarlarga joylashtirib ketayotgan haydovchilar ancha ko‘payib qolgan. Xo’sh, bozorga kelgan odamlar, haydovchilar mashinasini qayerga qo’yishi kerak? Har holda havoda o’zlari uchun «stoyanka» yaratib olishmasa kerak? Ehtimol mashina qo’yish mumkin emas degan qat’iy buyruqni bergan xodimlarning ham o’zi bu savolga javob bera olmas. Aniq tizimni, aniq tartibni va to’g’ri yo’naltirilgan imkoniyatni bermasdan turib, biror narsani talab qilish sal o’rinsiz emasmi?
Shahar bosh rejasi yo‘q, «stoyankalar» yo‘q, jarimalar otning kallasidek tarzda davom etarkan, qachon haydovchilar tomonidan amalga oshiriladigan noqununiy tizim barham topadi? Faqatgina avtoturargohlar bozorlar atrofida yo’q degan fikr noto’g’ri, albatta. Hattoki turli tashkilotlar, davlat idoralari ham bundan mustasno emas. Misol uchun, deyarli har kuni tadbir bo’ladigan, odamlar bilan doimiy gavjum bo’ladigan AOKA da ham mashinalar turar joyi mavjud emasligi so’zimizning isbotidir. U yerga tashrif buyurayotganlar, ba’zan shoshilinch majlislarga kelayotganlar ham mashina qo‘yishga joy topa olmay qoladi.
Yaqinda metroda bir onaxon bilan suhbatlashib qoldim:
– Olmazor metrosida tushaman, bolam. Yashash joyim metrodan bir kilometr oraliqdagi So’galli ota ko’chasida. Lekin har kuni metrodan uyga piyoda borguncha sog’-salomat yetib borar ekanmanmj deb, yuragimni hovuchlab boraman. Piyodalar yo’li mavjud bo’lmagani uchun biz mashinalar serqatnov o’tadigan yo’ldan o’tishga majburmiz. Aynan mana shu joyda tez-tez avariyalar ham bo’lib turadi. Bor-yog’i bir kilometr yo’l uchun taksi to’xtatib o’tirishga sharoit har doim bo’lavermaydi-da axir.
Onaxon aytgan ko’chada joylashgan «Hilol-nashr» nashriyotiga borar chog’im, uning gaplari qanchalik to’g’ri ekanligiga o’z ko’zim bilan guvoh bo’lganimdan keyin yana bir bor amin bo’ldim. Kim kafolat beradi serqatnov yo’l, mashinalar tinimsiz qatnaydigan katta ko’prik ustidan to’satdan bir uquvsiz haydovchi yoki spirtli ichimlik iste’mol qilgan haydovchi o’tmaydi deb?! Har holda piyodalar uchun yo’lakcha tashkil etilib qo’ysa, aholi uchun ancha xavfsiz va qulay bo’lgan tizim yo’lga qo’yilar edimi?
O’sha, o’sha…gapirsak, gap ko’p, muammo ko’p. Lekin qachondir aholi tomonidan talab qilinayotgan sharoitlar tegishli xodimlar tomonidan
«qilinmoqda», «rejaga kiritildi», «tez orada bajariladi» degan turli xo’jako’rsin uchun berilgan va’dalar natijasini bersagina, fuqarolarning xavfsizligi, shaxs daxlsizligi ana o’shanda to’liq ta’minlanadi.
Muallif: Laylo Esanmurodova