Eshitsangiz, quloq “qiziydigan”, badan pichirlab, taʼsirlanadigan holatlar borkim, u ham bo‘lsa, odam savdosi, yana-da achinarlisi esa chaqaloqlar sadosidir.
Xalqaro ekspertlarning baholashicha dunyo bo‘yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad juda katta raqamni tashkil etadi. Maʼlumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2.700.000 inson odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanmoqda. 600.000-800.000 nafar ayollar va bolalar aldov yo‘li bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Undan tashqari guvohi bo‘layotganimiz, ayollarning o‘z diydasidan bo‘lgan farzandlarini sotish holatlari, oxirgi paytlarda bu so‘zlar quloqqa yana ham ko‘proq chalinyapti. Bunga sabab nima? Pulga muhtojlikmi? Yo‘q, aksariyat sabablar demasa, ko‘p hollarda asosiy omil qilib, bolalarning “otasiz” tug‘ilishini ko‘rish mumkin.
Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, 2019—2020-yillarda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda 49 nafar ota-ona va 38 nafar vositachi ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu borada ham ayrim kamchiliklar mavjud, xususan, aybdorlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llashda yengilliklar berib yuborilmoqda. Misol uchun, oxirgi ikki yil ichida farzandini sotgan ota-onalarning 38,8 foiziga, vositachilarning esa bor-yo‘g‘i 5,2 foiziga qamoq chorasi qo‘llanilgan, xolos. Qolganlariga esa sinov muddati, axloq tuzatish ishlariga jalb etish kabi choralar qo‘llanilgan.
Shu yerda bir necha savollar tug‘iladi. Chaqloqni sotib oluvchilar nega aynan “qo‘ldan” olishmoqda? Shuning o‘rniga mehribonlik uylaridan olishsa bo‘lmaydimi? Bo‘ladi, biroq bizda cheklovlarning ko‘pligi sabab bu yo‘lni tutishni hamma ham tanlayvermaydi.
Misol tariqasida, ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan bir savolni keltirib o‘tamiz.
“Taʼbir joiz bo‘lsa, ming mashaqqat bilan hujjatlarni yig‘ib, Shayxontohur tuman XTBga olib bordik. U yerda vasiylik va homiylik organi mutaxassisi yo‘q bo‘lgani uchun bizni Olmazor tumaniga jo‘natishdi. Keyin bizga Yunusobod tumani Qiyot mavzesidagi mehribonlik uyiga yo‘llanma berishdi. Ammo u yerning direktorining aytishicha, biz istagan 3, 4, 5 yoshli qizaloq ularda yo‘q ekan. Biz juda tushkun ahvolga tushib qoldik. O‘sha tayyorlangan hujjatlar bilan boshqa mehribonlik uyiga borib, farzand asrab olishimiz mumkinmi? “Yo‘q” bo‘lsa, nega? Axir, hammamiz O‘zbekistondamiz, savob ilinjidamizku. Ammo turli cheklovlar farzand asrab olishimizga yo‘l qo‘ymayapti. Bitta yetim kamaysa, davlatga ham foydaku. Yana bir gap: agar 6 oy muddatda o‘sha biz borgan mehribonlik uyidan biz istagan yoshdagi qizaloq chiqmasa, farzandlikka asrab ololmaymizmi? Nega tuman XTB faqat 1 ta mehribonlik uyiga yo‘llanma beradi? Umuman, butun Toshkent shahriga o‘tadigan yo‘llanma nega mavjud emas? Nega farzandlikka oluvchilarga buncha ko‘p to‘siqlar qo‘yilgan?”.
Ko‘rganimiz birgina holat, xolos. Balki farzand asrab olishdagi byurokratiya va to‘siqlarni olib tashlasak, muammoga oz bo‘lsa-da, yechim topgan bo‘larmiz?!.
Muallif: Zayniddin Norquvvatov