Ishonch telefonlari rostan ham ishonchlimi?

Sohamiz yuzasidan ko‘p marta vazirlik, agentlik va uyushmalar bilan bog‘lanishimizga to‘g‘ri keladi, biroq doim ham bu muddaomizga yetavermaymiz, yaʼni davlat tashkilotlarining kol-sentrlari bilan bog‘lana olmaymiz.

Kuni kecha maqolamiz uchun statistik maʼlumotlar olish maqsadida IIVning 1102 qisqa raqami bilan bog‘lanmoqchi bo‘ldik, navbat bo‘yicha 17 o‘rinda ekanimizni aytishdi, 40 daqiqa-yu 19 soniya navbatimizni kutdik, hali ikkinchida turgnimizdayoq uzib qo‘yishdi.

Bu birgina biz bilan va aynan IIV bilan bog‘liq holat emas, texnik nosozlik bo‘yicha gap ham bo‘lishi mumkin emas. Test sifatida Bosh Prokuraturaning 1007 qisqa raqamiga ham qo‘ng‘iroq qildik, operatorning “xizmat sifatini yaxshilash maqsadida sizning ovozingiz yozib olinishi mum…”. Tamom!

Baʼzan kuzatganimiz, qisqa raqamlar bilan bog‘lanishda oylik trafikdan emas, hisobdagi pullarni yechib ketish holatlari ham kuzatiladi. Mazkur holat ko‘p marotaba ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan va davom etib kelmoqda.

Ishlamaydigan ishonch telefonini dasmoya qilib, matbuot anjumanlarida “…qabul raqamlari erta-yu kech ishlayapti”, – deb jar solish bilan ish bitmayapti, axir. Balki butun boshli vazirlik yoki idoraga bitta kol-sentr kamlik qilayotgandir, ularning soni ko‘paytirilsa, muammoga yechim bo‘lmasmikan?!

Bu bo‘yicha Facebook foydalanuvchilari, ijtimoiy tarmoq faollari, jurnalist va blogerlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdik, fikrlar bilan o‘rtoqlashamiz.

Qosimov Shoyat: “Kecha RESga 16:55 da qo‘ng‘iroq qilib gaplashdim, lekin 17:05 dan keyin telefonni hech kim olmadi, ming marta hamma raqamiga chiqdim, navbatchi qolmaydi, shekilli”.

Isroil Tillaboyev: “Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan doim muammo bog‘lanish”.

Husniddin Berdiyev: “Misol uchun Markaziy bankning ishonch telefoniga uch kun ham urinib, tusholmadim”.

Dilshodbek Donyorbek: “UzTelekomning 1054 raqami umuman ishlamaydi, 70 navbatdan boshlanadi, kami yarim soat kutish kerak, xizmat nolga teng. Hududiy eʼlektr tarmoqlarining bo‘limlari ham ishlamaydi, band ko‘rsataveradi, qish mavsumi boshlanyapti, endi esa bu bo‘limlarga murojaatlar yana-da ko‘payadi”.

Nuriddin Ziyo To‘raqulov: “Masalan, kuni kecha eʼlon qilingan himoya boti ham ishlamasligi achinarli hol, Suvtaʼminotda ham muammolar yetarli”.

Abrorbek Maʼrufjonov: “Surxondaryo viloyati hokimligi, Denov tumani hokimligi ishonch telefonlariga umuman bog‘lanib bo‘lmaydi”.

Bahodir Suyarov: “Hududgaztaʼminot, Xalq taʼlim vazirligi”.

Yuqorida keltirganlarimiz fikrlarning bir qismginasi, xolos. Tashkilotlar bu muammoni hal etishmas ekan, aholi o‘rtasida har xil gaplar, ishonchsizlik tug‘ilishi tabiiy, bu esa yaxshilikka emas.

Zayniddin Norquvvatov