O‘zbek xalqida ajoyib bir maqol bor, «Kuningdan bir kun qolsa ham, osh ye, pulingdan bir so‘m qolsa ham osh ye».
Hozir to‘ylarimiz, «gap»larimiz oshsiz o‘tmaydi, talabalar o‘rtasida ham «osh tashkillashtirish» alohida marosimdek o‘tadi.
Yurtimizda hududlarga qarab, palov tayyorlash jarayonlari turlicha. Samarqandda guruch va sabzisi alohida-alohida qilib, suziladi, Jizzax oshi ham yurtdoshlarimiz, voha ahli orasida o‘zgacha hurmatga ega. Rivoyatlarda keltirilgan Samarqand nonini boshqa joyda tayyorlab bo‘lmaganidek, voha, vodiy oshlari ham bir-birini takrorlamaydi, har bir hududga oid palovlar qaysidir jihati bilan kishilar yodida qoladi.
Reallikka qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda palov arzon ovqatlar sirasiga kiradi, har bir hudud bo‘yicha statistika bilan o‘rtoqlashamiz:
Qoraqalpog‘iston R. – 15 700 so‘m
Andijon viloyati – 17 600 so‘m
Buxoro viloyati – 21 300 so‘m
Jizzax viloyati –19 000 so‘m
Qashqadaryo viloyati – 20 300 so‘m
Navoiy viloyati – 15 300 so‘m
Namangan viloyati – 14 700 so‘m
Samarqand viloyati – 20 000 so‘m
Surxondaryo viloyati – 19 600 so‘m
Sirdaryo viloyati – 18 700 so‘m
Toshkent viloyati – 19 500 so‘m
Farg‘ona viloyati – 17 000 so‘m
Xorazm viloyati – 19 400 so‘m
Toshkent shahri – 24 300 so‘m
Ko‘rinib turibdiki, respublikamiz bo‘yicha eng arzon osh markazlari Namangan viloyatida joylashgan, unga ko‘ra, o‘rtacha bir porsiya osh narxi 14 700 so‘mga teng.
Eng qimmat hudud esa, Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda, ya’ni bir porsiya palovning narxi 24 300 so‘mga teng.
Toshkent shahri o‘z nomi bilan poytaxt shahar, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlarning narxlari boshqa viloyatlarga qaraganda farq qiladi, palovning narxi yuqoriligini ham shu sabab bilan izohlashimiz mumkin, deb o‘yladik.
Qay yerda bo‘lmaylik, o‘zbek palovining qadr-qimmati oshsa oshadiki, zinhor tushmaydi.
Siz ham o‘rningizdan turing-da, zig‘ir yog‘ida pishirilgan oshni oilangiz kechki dasturxoniga tortiq qiling.
Muallif: Zayniddin Norquvvatov