Bugun Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev raisligida videoselektor tarzida ilk «hokimlik soati» oʻtkazildi. Unda viloyatning 22 ta tuman-shaharlari sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar va ularning hududiy boʻlinmalari boshliqlari, mahalliy kengashlar deputatlari, viloyat faollari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, yigʻilish avvalida viloyat rahbari Z.Mirzayev boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtgan.
Iqtiboslar:
• Fuqarolar bilan qabulni koʻchma tartibda olib boramiz. Unda hamma sektor rahbarlari qatnashadi. Soat 14:00 da boʻladigan qabulga soat 8:00 da oʻsha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi uyiga borib, masalasini joyida oʻrganib chiqadi.
• Qanday toifadagi rahbar boʻlishidan qatʼiy nazar, bilib olsin, faoliyatimizning asosiy mezoni «Inson qadri uchun» tamoyili asosida boʻladi. Buni kerak boʻlsa, stolning ustiga yozib qoʻying. Yana shuni ham yozib qoʻyinglarki, ishimizda «mayda-chuyda masalaning oʻzi yoʻq».
• Fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan telegram-bot tashkil qilamiz. Kerak boʻlsa, oʻsha fuqaro bilan telefonda oʻzim gaplashaman.
• Hokimiyatdan har bir chiqayotgan qogʻoz hokimiyatning yuzi. Davlat tili boʻyicha hokimiyat hujjatlarini xato yozadigan xodim hokimiyatda ishlashi mumkin emas.
• Oshkoralik, shaffoflik koʻpchilikka yoqmaydi, lekin har qanday chiqqan negativga sektor rahbari munosabat berishi shart. Ijtimoiy tarmoqqa kirishni bilmasangiz oʻrganing, rahbar zamondan orqada qolishi mumkinmas.
• Oldindan kelishib olaylik, menga «hurmatli» deya murojaat qilmanglar.
• Nimaga ayrim hokimlar bloger, jurnalistlar uchun yopiq?! Press-tur oʻtkazib, jurnalistlar yonida yurib, bajarilayotgan ishlarni koʻrsatinglar. Yomonini ham koʻrsataylik, yomoni ham oʻzimizniki.
• Daraxt ekaveramiz, lekin uning koʻkarib chiqishichi?
• Viloyatimiz tuman-shaharlaridagi tahririyatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorman. Gazetalar bizga kerak. Hududiy tahririyatlardagi jurnalistlar tajribasini qadrlanglar, qoʻllab-quvvatlanglar. Bu boʻyicha mutasaddilardan aniq takliflar kutamiz.
Yigʻilish yakunida viloyat hokimi sektor rahbarlari va viloyat mutasaddilariga bir qancha topshiriqlar berib, selektorni yakunladi.