Bir necha kun avval saytimizda «Hokim almashdi, lekin muammolar qoldi. Qashqadaryoning yangi rahbari Murod Azimovga maktub» nomli maqola eʼlon qilingan edi.
Viloyat rahbari ushbu murojaat tarzidagi xatga javob maktubi tahririyatimizga yubordi. Quyida javob matnini toʻliq holda hukmingizga havola etamiz.
«Qadrli inim Ulugʻbekjon!
«Xabar.uz» saytidagi maqolangizni katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Men barcha fasllar kabi qishni ham yaxshi koʻraman. Men ham erta tongdan tiniq suv bilan yuviladigan katta koʻchalarga ega issiq domlarda tugʻilganim yoʻq. Siz aytgandek, qishloqda ulgʻaydim. Chang koʻchalarda unib-oʻsdim, daryolardan suv ichdim.
Siz xalqning dardini oʻylab yozgan va meni ham qiynaydigan oʻsha sovuq kunlar haqidagi mulohazalaringizga albatta befarq emasliginimni tushunishingizni istar edim.
Mening ham niyatim, Siz orziqib yozgan Toshkentdagi koʻchalar charogʻonligi, taomxonalar obod va gavjumligi, odamlar turli joylarda madaniy hordiq chiqarayotganidek sharoitlarni Qashqadaryo viloyatida ham yaratishdir. Oʻzim tugʻilib oʻsgan vohamga shu niyatlarni maqsad qilib keldim.
Darhaqiqat, qilinadigan ish koʻp, albatta, jurnalist oʻlaroq men bilan maʼnan birga boʻlganingiz qanchalar yaxshi. Koʻtargan muammolaringiz meni ham jiddiy tashvishga solishi rost va ularning yechimi faoliyatimizda ustuvor yoʻnalishlardan boʻlib qoladi.
Shu vaqtga qadar boʻlgan elektr uzilishlari muammosini men kelib birdan hal qilib berishga vaʼda bermayman. Chunki, bu kompleks yondashuvni va vaqtni talab qiladigan masala. Ammo, ishonchingiz komil boʻlsinki, yil sayin vaziyatni shubhasiz, yaxshilaymiz, transformatorlar yangilanadi, simyogʻochlar oʻzgartiriladi. Bu borada Prezidentimiz hamma tizimni bosqichma-bosqich yaratib bermoqdalar.
Ishsizlik muammosi boʻyicha ham tizimli yondashuvlarni oʻylayapman. «Viloyatlar orasida birontasi Qashqadaryochalik oʻzining eng salohiyatli farzandlarini poytaxtga, chet elga berib yubormagan boʻlsa kerak», degan qarashingizga ham qarshiligim yoʻq. Ularni qaytarib olib kelish toʻgʻri fikr emasligini taʼkidlagan holda, yangi avlodning sizib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik haqida jiddiy bosh qotirishimiz kerakligini ham chuqur anglayman.
Tadbirkorlik qilishda byurokratiya va toʻsiqlarning koʻpligi albatta, kamaytiramiz, ishlab chiqarish korxonalarini ham koʻpaytirish istagidaman.
Korrupsiya, taʼlim tizimi, iqtisodiy tarmoqlarning koʻrsatkichlari bilan ilk ish kunimdanoq shugʻullanishni boshlaganman.
Albatta, barcha insonlar, jumladan Qashqadaryo eli ham yaxshirogʻiga munosib.
Doʻstim Ulugʻbek, bir inson u qanchalik intilmasin va reja qilmasin, agar atrofida butun jamoasi, minglab qoʻllab quvvatlovchi hayrixoh insonlar boʻlmasa, kutilgan samaraga erishish qiyin.
Vaqtingiz boʻlsa, keling. Eshigim jurnalistlar, blogerlar, yuragida aholi dardini jo etib olgan barcha-barcha insonlar uchun doim ochiq. Muhtaram Prezidentimizning oʻzlari aynan shunday ochiq va xalqchil siyosat olib borayotganlari biz uchun hamisha oʻrnak.
Albatta keling, men bilan bir-ikki kun hamroh boʻlib, ish faoliyatim bilan tanishing va muammolarni birgalikda hal qilishga koʻmaklashing. Zero, bu Vatan ravnaqi uchun barchamiz bir kuch va bir musht boʻlib gʻayratu shijoatimizni safarbar etaylik.
Sizga samimiy doʻstlik hurmati bilan,
Murotjon Azimov, viloyat hokimi».
P.S: Murotjon Azimov hokimlar ichida ilk bor jurnalist ochiq xatiga tezkor javob qaytargan rahbarga aylandi.