Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishi, muhojirlar uchun yengillik va toʻsiqlar…

Bugungi kunga kelib, eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzular qatorida Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishi yoki qoʻshilmasligi ham bor. Bu haqda bir qator ekspertlar oʻzlarining yaxshi va yomon prognozlariini eʼlon qildi. Keling, biz ham Oʻzbekiston ushbu ittifoqqa qoʻshilsa muhojirlar qanday yengilliklarga ega boʻlishlari hamda qanday qiyinchiliklar ularning yoʻlida turgani haqida fikr yuritib koʻraylik. Zero mamlakatimizning koʻpchilik qismining asosiy tirikchiligi migratsiya tufayli ekanligi hech kimga sir emas. Xoʻsh, mamlakatimizning YEOIIga aʼzo boʻlishi mehnat muhojirlari uchun qaysi yengilliklarni olib keladi.

Avvalo, ularda muhojirlarni qabul qiluvchi davlat fuqarolari kabi barcha ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega boʻladilar.

Yangi hujjatlar qabul qilingandan keyin Rossiyadagi mehnat muhojirlari hayotida nima oʻzgaradi? Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YEIK) Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti direktori Oltinay Omurbekova, agar respublika YEOIIga kirsa, Oʻzbekistondan kelgan muhojirlar bundan naf koʻrishini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, fuqarolar “beshlik” ning boshqa davlatlaridan tashrif buyuruvchilarga tegishli boʻlgan barcha imtiyozlarga ega boʻlishadi.

Ulardan eng muhimlari:

milliy mehnat bozorini himoya qilish uchun kvotalar tarqatmaslik;

toʻrtta mutaxassislik — farmatsevtika, tibbiy, yuridik va pedagogikadan tashqari taʼlim hujjatlarini avtomatik ravishda tan olish. Oxirgi ikkitasi boʻyicha oʻzgartirishlar allaqachon YEOII toʻgʻrisidagi bitimga kiritish uchun tayyorlangan. Ehtimol, ular yil oxirigacha qabul qilinadi;

nogironlik boʻyicha majburiy sugʻurta. Barcha ijtimoiy taʼminot xizmatlaridan, jumladan, muhojirlar va ularning oila aʼzolariga bepul shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishdan ishchilarni qabul qiluvchi davlat fuqarolari kabi teng ravishda foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar.

YEOIIda barcha muhojirlar duch keladigan uchta muammo

2020-yildagi cheklov choralariga qaramay, bugungi kunda mehnat migratsiyasi oqimi nafaqat tiklangan, balki allaqachon oshgan. Biroq, yangi kelganlar baʼzi jiddiy muammolarga duch kelishadi.

Yevroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi (YEIK)ning Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti rahbari Oltinay Omurbekova Moskva vitse-meri Andrey Bochkarevning Moskva hukumati kelajakda xorijiy ishchi kuchidan voz kechish niyatida ekani haqidagi soʻzlariga izoh berib oʻtdi.

“Balki mer oʻrinbosari qurilishni texnologiyalar va avtomatlashtirishni joriy etish natijasida ishchilar soni qisqaradi, deb nazarda tutgandir”, deya taʼkidlagan Oltinay Omurbekova.

Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti YEOII mamlakatlarida yagona mehnat bozorini yaratishga, ishchilarni tashkiliy yollashga maksimal darajada hissa qoʻshadi va ularning mamlakatlarda boʻlishlari uchun qulay sharoit yaratishga yordam beradi.

Bundan tashqari, maʼlumki, 29 dekabr kuni “Chet el fuqarolari toʻgʻrisida” gi RF qonuniga yangi tuzatishlar kuchga kiradi. Endilikda migrantlar Rossiyaga kirgan kundan boshlab 30 kun ichida toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtishi, jumladan barmoq izlari, qonda psixotrop va giyohvand moddalar bor-yoʻqligi boʻyicha testlardan oʻtishi kerak boʻladi.

Departament boshligʻi, shuningdek, bugungi kunda YEOIIdan kelgan migrantlar duch kelayotgan muammolar haqida ham gapirgan. Uning soʻzlariga koʻra, eng dolzarb muammolar:

• Roʻyxatdan oʻtish. Qonunga koʻra, chet eldan kelganlar 30 kun ichida migratsiya uchun roʻyxatdan oʻtishlari kerak. Biroq muhojirlarga uy-joy ijaraga berayotganlar har doim ham ularni roʻyxatdan oʻtkazishga tayyor emas. Bu boshqa muammoga olib keladi — yangi kelganlarni RF hududida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish, bu boshqa narsalar qatorida davlatdan chiqarib yuborishga olib keladi.

• Majburiy tibbiy sugʻurtadan foydalanish masalasi. Gap shundaki, YEOIIga aʼzo davlatlar hammasi ham majburiy tibbiy sugʻurta tizimiga ega emas: Masalan, Armaniston uni faqat 2023 yilda joriy qiladi.

— YEIK Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti yuqoridagi barcha masalalarni hal qilish ustida ishlamoqda, – degan Omurbekova

Sanab oʻtilgan muammolar bartaraf etilishi arafasida turgandir, biroq hali Rossiyadan qaytganiga bir oy boʻlmagan tanishlarimiz yana ortiga qaytishga tayyor boʻlib turibdi. Ularning qoʻrquvi bu yil Rossiyaga kirish ikki barobar qiyin boʻlishi mumkin. Tabiiyki ular 2020 yilda ishsizlik va pulsizlikdan qiynalgani sababli ikkinchi marta bu vaziyatga tushishdan choʻchishadi.

Oʻzimizdachi?

Oʻzimizda har doimgidek ish bilan taʼminlash koʻrsatikichi oʻta sust, oyliklar kam, narxlar kundan kunga oʻsishda davom etmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, bu yil oʻzbekistonliklarning 3 milliondan oshiq qismi “Grin karta” oʻynagan. Ular soʻngi yillarda mamlakatdan chiqib ketish bilan oʻz hayotini toʻliq oʻzgartira olishiga ishonadi.

Statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2020 yil davomida 203,7 ming odam Oʻzbekistondan koʻchib ketgan. Shu bilan bir qatorda, 191,2 ming odam koʻchib kelgan. Pandemiya sharoitida chegaralar uzoq vaqt yopiq boʻlganiga qaramay, migratsiya koʻrsatkichlari 2019 yilga nisbatan yuksalgan.

Taʼkidlanishicha, Qashqadaryo (22,3 ming kishi), Samarqand (12,8 ming kishi), Surxondaryo (10,9 ming kishi) va Buxoro (8,5 ming kishi) viloyatlaridan koʻchib ketganlar shu hududga koʻchib keluvchilar soniga nisbatan sezilarli darajada balandligi kuzatilgan. Migratsiyaning ijobiy darajasi Toshkent shahri (71,8 ming kishi) va Toshkent viloyatida (4,4 ming kishi) qayd etilgan.

Oʻzbekistondan xorijiy mamlakatlarga koʻchib ketganlarning asosiy qismi ham Qozogʻiston (64,3 foiz) va Rossiya (29,3 foiz)ga ketganlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Toshoyna