Andijon viloyati Ulugʻnor tumani Mingbuloq qishlogʻidan boʻlgan, YouTube da vlog yurituvchi bloger Azizbek Kenjayev taxminan 10 kuncha avval Jinoyat Kodeksining 168-moddasi(Firibgarlik) bilan aybdorlikda gumonlanib, tuman prokurori sanksiyasi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Olimjon Xaydarov feysbuk sahifasida eʼlon qilgan maʼlumotlarga qaraganda, Azizbek Kenjayev yoshligida otasiz oʻsgani sabab Rossiyadan qaytib, tumanidagi yetim bolalar uchun xayriya asosida 20 ta uy qurilishiga bosh boʻlib, harakat boshlagan.
Qish kelib qolayotgani sabab uylarni tezroq bitirish maqsadida qurilish materiallaridan qarz boʻlgan, xayriyadan yigʻilsa, berib qoʻymoqchi boʻlgan shekilli.Shu qurilish materiallari doʻkonlarining ayrimlari yozib berishibdi.
Shuningdek ayrim yetimi bor oilalar uylarga yordam beraylik, oʻzimiz uchun qurilyapti deb birovi pul bergan, birovi qurilish materiali bergan. Azizbek bu mahsulotlarni bir boshidan ishlatib uylarni navbati bilan bitirishni harakatida boʻlgan. Shu oilalardan ham ariza tushgan deyishmoqda.
Jami summa 35 mln soʻm atrofida ekan.
Andijonlik ayrim blogerlarni aytishicha tuman hokimi ham, tuman IIB rahbari ham keltirilgan zarar qoplansa, qoʻyib yuboramiz deyishibdi.
Feysbuk foydalanuvchilarining yana biri Alisher Yusupov voqeani: «Bu yerda boshqa ish bormikin? Qurilish materiallarni qarzga bergan inson qayerga,nima uchun, kimlarga uy qurilishini bilib bergan deb oʻylayman. Endi, boʻlajak uy egalari tomonidan ariza bor ekan. Qiziq uy san uchun qurilayotgan boʻlsa, begona inson san yugurib yursa, man uni ustidan ariza yozyabman. Xullas bu ishdi obdon surishtirish kerak. Balkim qurilayotgan joy «Kimgadur» kerak boʻlib qolgandir. Savollar juda koʻp, javob esa» deya izohlaydi.
Zilola Rahimova esa : «Xayriya uyushtirish yaxshikuya, lekin qarzga xayriya uyini qurish, xuddi xayolda osmondagi gʻozni shoʻrvasiga non botirib yeyishdek gap. Doʻkon egalarini xam tushunish kerak. Qachon xayriya yigʻilar ekan deb poylab oʻtirishmaydiku. Ularni ham tirikchiligi bor», deb voqeaga oʻz munosabatini bildirmoqda.
Shuningdek, Jurayeva Fotima: » Ulugʻnor tuman elektrosetdagi millionlab davlat byudjetini firibgarlik yoʻllari bilan talon-taroj qilayotganlar yuribdilar hech qanday qamoq jazosi qoʻllanmay, yordam qilayotgan bloger esa, firibgar emish» deya fikr bildirgan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu vaziyat yuzasidan Andijon viloyat IIB dan ham, Bosh prokuraturadan ham rasmiy xabar ola olmadik.