Bolalarga nisbatan behayo harakatlarga chek qo’yilishi kerak!

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, har bir shaxs 18 yoshga to‘lgunga qadar bola deb eʼtirof etiladi.

Mazkur konvensiyaning 18-27-moddalarida: davlat tomonidan bolaning ota-onalariga va qonuniy vakillariga yordam berish, shuningdek, bolalarga ularni tarbiyalovchi shaxslar tomonidan qo‘pol muomalada bo‘lish, ularning tahqirlanishidan himoya qilish, oilaviy muhitdan mahrum bo‘lgan yoki asrab olingan, aqliy yoki jismoniy jihatdan zaif bolalarni himoya qilish, bolalarning sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlari, shuningdek, bolalarning ijtimoiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan turmush darajasi to‘g‘risidagi normalar belgilab qo‘yilgan. Biroq bir qarashda bu ham katta bong bilan aytilib, havoga uchib ketgan vaʼdalar qatorida bo‘lib qolgandek.

Misol uchun, Toshkentda 15 yoshli maktab o‘quvchisiga jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning ikki nafar sherigi jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Sud o‘qituvchini 4 yilga, uning sheriklarini esa 2 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Ammo o‘ylab qarasangiz, kattalar tili bilan aytganda hali «10 gulidan bir guli ochilmagan» qizning hayotini 3 nafar erkak barbod qilyapdi-yu, shunga loyiq jazo chorasi ham qo‘llanmayapti.

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 18 sentyabr kuni Toshkent metropolitening “Olmazor” bekatida 1989 yilda tug‘ilib, bir necha bor sudlangan fuqaro voyaga yetmagan qizga nisbatan behayo harakatlar sodir etgan.
Umuman olganda voyaga yetmagan yoshlarga behayo xatti-harakatlar sodir etish holatlari keskin ko‘payib bormoqda.

Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanishicha, O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish hamda unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish holatlari uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Shuningdek JKning 85, 86-moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi, ularga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladigan eng kichik yosh chegarasi 13 yoshdan 14 yoshgacha ko‘tarildi.

Nima bo‘lganda ham voyaga yetmagan yoshlar kelajakning tayanchi, millatning umidi. Ularni noto‘g‘ri yo‘lga kirishiga aslida mana shunday jirkanch ishlar sodir etayotgan kattalar yoki bo‘lmasam ularning hayotiga beeʼtibor bo‘lgan ota-onalari sababchi bo‘lib qolyapdi.

O‘ylaymizki, yuqoridagi qonun tez orada o‘zining taʼsirini ko‘rsatib, mamlakatimizda sog‘lom va yuksak salohiyatli farzandlar kamol topishiga xizmat qiladi.