Kremlning tahdidi, sukutdagi TIV va bundan norozi oʻzbek segmenti — KHSHT sammiti aks-sadosi

Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtgan voqealar butun dunyo diqqat markazida boʻlib turibdi.  Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy iqtisodiy raqobatchimiz v eng katta chegaradoshimiz boʻlgan bu davlatdagi jarayonlar, albatta, oʻzbek siyosiy qatlamidan tortib jamiki afkor ommaning turli fikr va taxminlariga sabab boʻldi.

   Ayniqsa, kecha, 10-yanvar kuni onlayn formatda boʻlib oʻtgan KHSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytilgan keskin fikrlar ijtimoiy tarmoq faollari va OAV vakillarining norozilik bilan yoʻgʻrilgan fiklarga sabab boʻldi.

  Xususan, oʻtgan yili «saragi sarakka, puchagi puchakka» ajralayozgan Belorussiya Respublikasining prezidenti A. Lukashenkoning Oʻzbekistonga bergan «ogohlantirish kartochkasi» qaynoq nuqta boʻlib xizmat qildi.

   «Qozogʻistondagi vaziyatdan, eng birinchi navbatda, Oʻzbekiston saboq olishi kerak. Chunki, yaqin kelajakda bu davlatni jiddiy qiyinchiliklar kutmoqda. Biz KXSHT faoliyatini yanada kuchaytirishimiz kerak», deya taʼkidlagandi u.

  Jurnalist va blogger Shahnoza Soatova:

Shu kunlarda imperalizmining nafsi boshqacha hakalak otyapti. Bugun Lukashenko va Kalashnikovlarning aytgan tahdidomuz gaplari endi shimoldan «hujum» yangi bosqichga chiqqanini, surbetlashayotganini koʻrsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa sovetparast trollar ishtaha bilan qoʻlni qoʻlga ishqalashyapti…

   … Biz bir kun kelib qoʻshqoʻllab vatanni topshirish uchun 30 yil yurmadik, davlat qurmadik. Yildan yilga oʻz xalqiga ishonmay, studiyada olinadigan Yangi yil tabriklariga ham shubhali tarzda qalin kiyinib chiqayotgan (kiyim tagida nima bor, qiziq), xalqi qabul qilishni istamay, oylab isyon qilgan diktatorlar bizning kelajagimizni va davlatimiz yuradigan yoʻlni hal qilib berishi uchun shuncha qiynalmadik.

 KHSHTga «KISHT» deyish kerak!

Xushnudbek Xudayberdiyev, «UzA» milliy axborot agentligining direktor oʻrinbosari, huquqshunos

Lukashenko Oʻzbekistonni ogohlantirdi. Uning gaplari safsata, lekin bu xavotirli signal…

…Kim kimu, har holda Oʻzbekistonni ogohlantirish Lukashenkoning ishi emas. Aksariyat xalqi «yoʻqol» deb eʼtiroz bildirib turgan Prezidentni bugun bizga aql oʻrgatishi kulgili…

…bu oʻyinlar ortida umuman boshqa gap bor. Bularning barchasini Oʻzbekistonni KXSHT harbiy tashkilotiga aʼzo qilish uchun bosim va kerak boʻlsa tahdid, deb qabul qilish mumkin. Ilgari bunga yashirin daʼvatlar qilingan boʻlsa, endi surbetlarcha tahdidga oʻtishmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz internet-nashri jurnalisti

…Aqli hushi joyida boʻlgan odam aslida kim doʻstu kim dushman, kimning niyati qanaqa ekanligini osongina anglab oladi.

Endi goʻyoki Toʻqayevning joniga ora kirgan KXSHT (ODKB) ning onlayn yigʻilishida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamma gap qolib, Oʻzbekiston bu voqealardan saboq chiqarishi kerak, deyapti.

Lukashenko bu gapni «ODKBga aʼzo boʻlmasalaring, Oʻzbekistonga Rossiya qoʻshinlarini kiritmasalaring sizlar ham mana shunday baloga mubtalo boʻlasizlar», degan maʼnoda gapirdi, albatta.

Bedodlikni qarang: Yevropaning qoq markazida joylashgan Belarusdek davlatni ulkan qamoqxonaga aylantirgan, odil sud, mustaqil fikr va erkin soʻzni tamomila yoʻq qilgan «Batka» oʻzini Oʻzbekistonga aql oʻrgatishga maʼnaviy haqli hisoblamoqda!

Qiziq, nega tashqi ishlar vazirligi bu chiqishga norozilik notasi eʼlon qilmayapti. Nimaga boshqa rasmiylarimiz jim? YO sukut alomati rizo, sifatida qabul qilinishini istalmoqdami «Batka»ning gaplari? Yoki eʼtiborga arzimaydi, deb hisoblanayaptimi?..

  Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati

Oʻzbekiston suveren mamlakat. Janob Lukashenko va boshqalar oʻzga mamlakatlarni nimagadir daʼvat qilishda eng kamida oʻsha suverenitetni unutmasliklari zarur.

Chunki bizningcha Belorus ham Oʻzbekiston kabi suveren mamlakat va uning xalqi ham boshqalar kabi hurmatda boʻlishni istaydi.

Hamid Sodiq, siyosatshunos

Aleksandr Lukashenkoning bu fikrlari uning gapirish intonatsiyasiga qaraganda «tahdid» koʻrinishida yangradi. Belarus Prezidentining dadil gapirishi va «bizdagi bor maʼlumotlarga qaraganda» degan urgʻulamalari, uning qoʻlidagi tezis Kreml irodasi bilan yozilganidan dalolat beradi.

 Lukashenko bu yigʻilishda Kreml «jarchisi» vazifasini bajarayotganiga shubha yoʻq. Ular keyingisi aniq Oʻzbekiston boʻladi deb «messej» bermoqdalar. Lukashenko bu bilan qaysidir maʼnoda oʻz davlatida yuz bergan mitinglar bostirilishini ham legetimlashtirish va «mana men aslida toʻgʻi qilganman» deb, «qalb pokligiga» erishmoqchi deyish mumkin. Lukashenkoning bu fikrlarini inobatga olish kerak: Oʻzbekiston haqiqatan ham oʻzini yalangʻoch koʻrsatayotgan destruktiv «tashqi» kuchlardan juda ehtiyot boʻlishi va ichki muammolarni sifatli hal qilishga kirishishi lozim.

Rasmiylarchi? Ular nima deyishmoqda?

   Mazkur bayonot nafaqat yurtdoshlarimiz, balki, xalqaro tashkilotlar diqqat maydoniga tushgan boʻlsa ham, bu borada na Tashqi ishlar vazirligi, na hukumatning boshqa tuzulmalari rasmiy javob qaytarmadi. Faqatgina voqealar ortidan Qozogʻistonda birorta oʻzbek qamoqda saqlanmayotgani maʼlum qilindi, xolos.

  Aslida, davlatning siyosiy pozitsiyasini, uning boshqa davlatlar orasida tutadigan oʻrnini tashqi ishlar vazirligining harakatiga qarab belgilaydilar. Oson kelmagani ayon mustaqillikka ochiqdan-ochiq, boʻlganda ham eng kulguli yoʻlda, qoʻgʻirchoq tili bilan tahdid solishsa-yu, bunga nisbatan sukut saqlayotgan TIVni qanday tushunish mumkin? Umuman olganda, tushunish mumkinmi?

Mavzuga oid:

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining telefon orqali navbatdagi muloqoti boʻlib oʻtdi