Qozogʻistonda 18 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ushlangani maʼlum boʻldi

19 yanvar kuni Nur-Sulton shahri Yesil tumani migratsiya politsiyasi idorasida hujjatsiz ushlangan Oʻzbekiston fuqarolari toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushdi.

Ushbu maʼlumotga koʻra, Yesil tumani migratsiya politsiyasi idorasiga borib, 18 nafar Oʻzbekiston fuqarolar bilan uchrashildi. Fuqarolarning pasporti borligi ammo, vaqtinchalik roʻyxatga turish muddati tugaganligi va ishlash uchun ruxsatnomasi yoʻqligi maʼlum boʻldi.

Fuqarolarga Qozogʻiston qonunlarini buzmaslik, oʻrnatilgan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish borasida huquqiy tushuncha berildi, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarida.

Shuningdek, fuqarolar Qozogʻistonga tanishlari orqali kelib, qurilishda ishlayotganini maʼlum qildi. Ularga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan pilot loyiha mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Uchrashuvda Yesil tumani migratsiya politsiyasi tomonidan birinchi marta Qozogʻistonga kelgan fuqarolarga ogohlantirish, ikki yoki koʻp marta kelganlarga jarima yozildi.