Landi-landi, «UzAuto Motors»da o‘yin boshlandi!

Yaqinda UzAuto Motors kompaniyasi pandemiyaga oid cheklovlar sabab Cobalt rusumli mashinalari avtomagnitola hamda o‘rindiqlarni isitish tizimisiz ishlab chiqarilishini ma’lum qilgan edi.

Buni qarangki, bu birinchi holat emas. Avvalroq, o‘tgan yilning dekabrida ham zavod 12 kunda (5-17-dekabr) ishlab chiqarilgan Nexia, Cobalt va Lacetti mashinalarini zavodga «chaqirib olish»ni e’lon qilgandi. Sabab qilib esa, orqa oyna isitish tizimi sozligini tekshirish zarurati ko‘rsatilgandi.

Shu bilan bir vaqtda UzAuto Motors 2022 yilning fevraligacha to‘rt turdagi mashinalar xaridi uchun arizalarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bunga esa, «oktyabr, noyabr, dekabr oylarida tuzilgan shartnomalarni bekam-u ko‘st bajarish» istagi ko‘rsatilgan edi.

O‘z o‘rnida, faqatgina «GM sertifikatli yarimoʻtkazgichlar muammosi» mavjudligi o‘laroq shartnoma qilish to‘xtatilganmikan? Balki, unday emasdir? Yana ham asosliroq sabablari bordir.

Deylik, narx-navoni yanada oshirish.

Nima iste’molda kam bo‘lsa, uning qiymati yuqori bo‘ladi. Hatto, qimmatbaho metallar ham ko‘p bo‘lganida edi, biz ularni bugungi qiymatida baholamasdik.

Shunday ekan, sun’iy taqchillikni yaratish ham avtomobil narxlarini keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, yagona ishlab chiqaruvchi sifatida monopol xarakterga ega kompaniyada.

Bu holat, hech shubhasiz, oddiy xalqning noroziligini keltirib chiqaradi. Xavotir olish shart emas, bunday vaziyat ko‘p bor boshdan o‘tkazilgan – yaxshimi-yomonmi egnidagi yakka choponini kiyadi faqir.

«Chopon egasi» UzAuto Motors esa, albatta yaqin kunlarda, (ehtimol ertagayoq yoki bir oyda) avtomobillar narxini yana oshiradi! Sabablar esa… Buyog‘i o‘zbekona – ishidan bahonasi baland kelaveradi.

Bizning ishimiz ko‘rsatish. Natijasini esa, hattoki, sud bilan ham, ko‘rsatib bo‘lmaydi, shekilli.
Umid qilamizki, bizda odil sudlov amalga oshirilishiga shubha qilmasligimiz shubha ostida qolmaydi. UzAuto Motors’ga esa, aytishga so‘z qolmagan…