Bugun shunaqa davrki, hammada reyting bor. Artistda ham, sportchida ham, siyosatchi va hokazolarda ham. Artistni reytingiga qarab tuylarga chaqirsak, sportchini reytingiga qarab reklama kontraktlari berimiz. Bir chetda sochiga oq tushgan, ko‘zida ochki bilan umrini laboratoriyada o‘tqazgan olim ularga xavas bilan qarab turibdi. Argentinalik fizik Xorxe Xirshga bu adolatsizlik yoqmadi. U darhol olimlarning ham “krutoy”lik darajasini belgilovchi reyting tizimini kiritishni taklif qiladi. Bugungi kunda Xirsh tomonidan taklif qilingan Xirsh indeksi yordamida nafaqat olimlarning balki, ilmiy markazlar va xatto butun boshli davlatlarning ham ilmiy samaradorligi o‘lchaniladi. Xo‘sh Xirsh indekslari o‘zi nima?
Xorxe Xirsh. Soqoli o‘sganligi va galstuk taqmaganligiga qaramasdan tarixda o‘z nomini qoldira olgan shaxs.
Ilmiy maqolani vazni unga boshqa olimlar tomonidan qilinayotgan havola orqali belgilanadi. Masalan, Xasan tabib 100 ta ilmiy maqola yozdi, ammo faqatgina bir kishi unga havola keltirdi. Doktor Xusan esa, 1 dona ilmiy maqola yozgan. Shunga qaramasdan 9 ta odam Xusanning ishiga o‘z ilmiy ishlarida havola keltirdi. Nima deb o‘ylaysiz, bu yerda kimning ilmiy vazni ko‘proq? Xasan tabibnikimi yoki doktor Xusannikimi? Bir tarafdan Xasan tabib ko‘proq ijod qilib, ko‘proq narsa yozgan. Ammo uni ishi faqatgina bir dona insonga qiziq bo‘ldi. Doktor Xusanning ilmiy faoliyatini 1 dona maqola bilan cheklagan. Lekin, o‘sha bir dona maqola 9 ta odamni qiziqtiroldi. Bu yerda Xasanga sifat, Xusanga esa son yetishmaydi. Shu sababli ularning ilmiy vaznini solishtirishda qiyinchilik tug‘iladi.
Sifat muhim. Lekin, sonni ham unutib qo‘ymaylik.
Ilm-fanda sifatdan tashqari son ham muhim. Chunki, ijodingiz davomiy va intensiv ekanligini aynan son belgilaydi. Bu narsani tushungan doktor Xusan yana bitta maqola yozadi va unga yana 9 ta havola oladi. Ana endi Xasan tabib ko‘proq odamlarni qiziqtirolmasa, 1000 ta maqola yozsa ham foydasi yo‘q. Uning ilmiy vazni doktor Xusannikidan past bo‘ladi.
Demak, Xirsh indeksi.
Agar 1 dona maqolangizga 1ta havola keltirilsa, sizning Xirsh indeksingiz 1ga teng bo‘ladi. Agar Xirsh indeksingizni 2 ga ko‘tarmoqchi bo‘lsangiz, siz xar biriga 2 tadan ko‘p havola keltirilgan 2 dona maqola yozishingiz kerak. Aytaylik, h-index sizda 20 bo‘lishini xoxlaysiz. Demak siz nafaqat 20 ta maqola yozishingiz kerak, balki, o‘sha 20 ta maqolangizni har biriga boshqa olimlar tomonidan 20 tadan ko‘p havola keltirilishi lozim. Bu esa oson ish emas.
Xirsh indeksini hisoblash uchun misol.
Tepadagi rasmda ko‘rinib turibdiki, 8 ta maqolaga 8 tadan ko‘p havola keltirilgan. 9-maqolaga kelganda esa, havolalar soni maqola sonidan tushib ketgan. Keyingi maqolalar ham odamlarni unchalik qiziqtira olmagan. Shu sababli Xirsh indeks 8 da to‘xtadi.
Umuman olganda, Xirsh indeksi olimlarning faoliyatini sifat va miqdor jihatidan baholab boradigan indeksdir. Olimlar reytingi ham aynan shu ikki faktorga asosan shakllanadi.
Sifat va miqdor balansi o‘ta muhim faktor.
Aynan xirsh indeksiga qarab olimning yoki ilmiy dargohning ilmiy salohiyati belgilanadi.
Umid qilamanki, Xirsh indekslari nima ekanligi sizga tushunarli bo‘ldi. Ilm bilan jiddiy shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, Xirsh indeksingiz ustida bosh qotirib boring.
Rustam Ashurov