Talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud

Ammo, nega ular boʻsh qolmoqda?

Ayni damda davlat rahbari raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Asosiy mavzu – OTMlar talabalari ishlab, daromad topishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish.

Hozirgi kunda mamlakatimiz oliygohlarida 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda (jami 820 ming nafar).

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq rektorlar, talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan.

Ayniqsa, ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar “daftarlar”ga kiritilgan talabalar bor.

“Bu raqamlar haqiqatda ancha yuqori. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan o‘zlari muloqot qilib, haqiqiy holatni bilish va ularni band qilishga shaxsan mas’ul”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu bilan birga, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud.

“Qaysi hokim yoki rektor bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlagan? Hozircha, bu savolga ijobiy javob yo‘q.

Hokim va rektorlar, bir narsani bilinglar – ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart”, dedi Prezident yig‘ilishda.

Bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Hokimlar ham rektorlar bilan birga hududlarda shunday komissiyalar tashkil etadi.

Komissiya:

  • viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga har bir oliygoh kesimida “talabalar balansi”ni aniqlab oladi;
  • vakant o‘rinlarini tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha 1, 2 va 3-kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi;
  • bitiruvchi kurslar talabalarini esa hokim, rektor va korxonalar bilan birgalikda kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.

Davlatimiz rahbari bu borada tashkil etilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab bermoqda.

Eng avvalo, OTMlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Prezident Farg‘ona davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi institutini misol qilib keltirdi. Jumladan FarDUda:

  • umumiy ovqatlanish va qurilish korxonalari tashkil etilib, ularda 125 nafar;
  • adras, milliy kiyimlar, kulolchilik syexlari, dorivor o‘simliklardan shifobaxsh damlamalar tayyorlashda 18 nafar;
  • “Do‘stlik”, “Oqbilol” agrouchastkalari va Quvasoy shahridagi o‘quv poligonlarida chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 36 nafar talabaning bandligi ta’minlangan.

Mavzuga oid: