«Toshkentning ogʻzi berk ariqlari» yoxud Venetsiyaning bizga qanday aloqasi borligini bilasizmi?

Har yili seryogʻin kunlarda Toshkent shahri koʻchalari, turli obʼektlar suvga toʻlib qolishi yangilik emas. Mana, necha yildan beri biroz koʻproq yomgʻir ham poytaxt koʻchalarini koʻlga aylantirib qoʻymoqda. Faqat sovet zamonida qurilgan maskanlar emas, hatto zamonaviy deya maqtalgan, tantanali topshirilgan yoʻllar, yoʻl oʻtkazgichlar, uy-joylar ham bundan chetda qolmayapti.

Birgina poytaxtda emas, turizm rivojlangan, koʻpdan koʻp sayyohlar tashrif buyuradigan Samarqandda ham xuddi shu muammoni uchratish mumkin. Oʻta kuchli emas, oʻrtacha yomgʻirli ob-havoda ham shahar koʻchalarida suv misli sayoz daryodagi kabi oqib yuradi. Yoʻldagi katta koʻlning oʻrtasida mashina oʻchib qolishini tasavvur qilavering endi. Harakatlanish qiyinlashgani yoʻl-transport hodisalari ham ancha ortishi aniqlangan.

Eski vaʼda yoki bir falokat boʻlishini kutishyaptimi?

Toshkent shahar hokimligi 2019 yilda surunkali yogʻingarchiliklarga nima uchun dosh bera olmayotganining besh sababini sanab oʻtgan edi. Ulardan biri — irrigatsiya-drenaj tarmoqlarining eskirgani. Ularni taʼmirlashga qariyb 60 mln. dollar kerak, deya taʼkidlagan edi hokimlik.

Provard maqsad oʻlaroq oldi olinmagan muammolar yillar oʻtib katta bir fojiaga sabab boʻlmasligiga kim kafolat beradi? Eski binolardan tortib, yangi qurilgan uylarning yertoʻla qismi suv bilan qoplanishiga qanday jim qarab turish mumkin?! Hech kim oldindan bizda bir oy davomida toʻxtamasdan yogʻingarchilik kuzatilmaydi, deb ayta olmaydi, kafolat bera olmaydi. Mana shu kabi yirik muammolar oldindan oʻylab koʻrilishi kerak emasmidi?

Shaharsozlikda dunyo tajribasi oddiy: yoʻl qurilishidan tortib, katta binolar, koʻpriklargacha – hammasini qurishdan odin drenaj qismi obdon loyihalashtirilib olinadi. Maxsus tekshiruv guruhlari nazoratidan oʻtkaziladi. Bizda-chi? Bizda doimgidek eng avval qilinishi kerak boʻlgan ish, oxirida esga tushadi. Barcha qurilishlarning drenaj qismi qurilishning fasad va fasoni uchun kerak goʻyo. Qurilgan bu lotokdan suv qayoqqa qarab yuradi, qayergacha boradi, qayerda yigʻiladi, mana bu koʻmilgan quvur suvni torta oladimi – bu muammolar hech bir quruvchini ham, oʻsha qurilishlarni qabul qilib olayotgan nazoratchilarni ham umuman qiziqtirmaydi. Eski usul: tekshiruv guruhni yogʻliqqina tamaddigi chaqirishadi, yogʻliq qoʻllar sekin imzo chekib qoʻyadi. Qorin ham toʻyadi, choʻntak ham qappayadi…

Ajabtovur sabablar

Keling Toshkent shahar hokimligi keltirgan sabablarini bir tahlil qilib koʻraylik:

1 sabab — «Irrigatsiya va drenaj tarmoqlari kapital taʼmirga muhtoj. Toshkent Bosh planliti DUK tomonidan ishlab chiqilgan loyihaviy taklifga koʻra, irrigatsiya tizimini kapital taʼmirlash uchun, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 500 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ talab etiladi. Ushbu smetada faqatgina xom-ashyoning narxlari (2016 yil holatiga) nazarda tutilgan. Muammoni bartaraf etish uchun 2019 yil yanvar oyidan boshlab Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankining grantlari hamda imtiyozli kreditlarni jalb qilish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda».

Xoʻsh, endi kim ayta oladi, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankining grantlari hamda imtiyozli kreditlarni jalb qilish boʻyicha muzokaralar natijalari nima boʻldi? Jamoatchilikni natijalar haqida xabardor qilish hokimlikning «yoddan koʻtarilib» ketdimi yoki kreditlar olinib, 2019 yildan beri muammolar hal etib boʻlindimi? Unda soʻnggi 3-4 kundan beri Toshkentning suvga toʻlgan koʻchalari «Venetsiya bilan hamkorlik natijasi» emasdir har holda…

2 sabab – «Koʻchalarga suv toshib chiqishining ikkinchi sababi sifatida hokimiyat aholi tomonidan tashlangan maishiy chiqindilarni keltirib oʻtgan. Irrigatsiya tarmoqlari (suv yoʻllari, lotoklar) maishiy chiqindilarga toʻlib ketgan. Aksariyati polietilen paketlar va baklajkalar boʻlib, suv yoʻlining tiqilib qolishiga olib kelgan. Hozirda shaharda 10 ga yaqin kanal yuvuvchi mashina mavjud».

Bilasiz, kuz oylarida koʻchalarda barglar toʻkilishi yuzaga keladi, mavsum yomgʻirli kelsa albatta koʻchalarni suv toshqinisiz koʻrish mushkul. Ularni keyinchalik yigʻib olishadi, ammo bundan keyin ham suv toshqinlari toʻxtab qolmaydi. Sababi katta koʻchalarning ikki chetidagi lotok-ariqlar koʻcha yuzasida yogʻingarchilik mavsumida toʻplanadigan suv miqdorini hisobga olmaslik oqibatida oʻrnatilgani oqibatidir. Ayrim koʻchalarda suv lotok tomonga emas, yoʻlning oʻrtasi tomonga qarab oqishini koʻrib, oʻsha vaqtda yoʻl quruvchilarning «ob tarozi»si qanday ishlagan ekan deb oʻylanib qoladi kishi. Maʼlum masofada toʻplangan suvni yerga soʻrilib ketishi yoki yaqin atrofdagi daryo oʻzaniga qoʻshib yuborish uchun maxsus qududlar ahvoliniku aytmasa ham boʻladi.

3 sabab – «Yana bir sabab – noqonuniy qurilishlar. Hokimiyat irrigatsiya tarmoqlariga noturar va turar joylarning bino-inshootlari qurilishi natijasida suv yoʻllarining yopib yuborilgan».

Endi bu sababni oʻqib kulgidan oʻzni toʻxtatish qiyin. Axir Toshkenti azimdek katta shahar ixtiyori kimning qoʻlida ekani aniqku. Uning ruxsati boʻlmasa, hatto qoʻlingizda kadast hujjati bilan ham qurilish qilib boʻlmasligini yosh bola ham biladi. Har qanday qurilishdan tortib, buzilishgacha shaxsan oʻzlarining nazorati ostida. Mayli, oʻsha 2019 yillarda shu muammo bor ekan, nega unda qariyb keyingi uch yil ichida bu muammolarni hal etishga vaqt ajrata olmadi hokim janoblari? 2019 yildan keyin qayta qurilgan va yangi qurilgan yoʻllarda ham suv toshqini yuz berayotgani kundek ravshan-ku. Yengil avtomobillardan tortib, aholiga xizmat koʻrsatish transportlarigacha noqulay sharoitda harakatlanishga majbur boʻlyapti. Yerosti metrosidagi suv oqib tushishi holatlari esa achinarli holatdan bir parcha desak ham boʻladi. 

4 sabab – «Bundan tashqari, ayrim mansabdorlarning sansalorligi sababli suv toshqini yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hududlarda zarur choralarni oʻz vaqtida koʻrilmasligiga olib kelgan».

Buni sabab qilib koʻrsatgan hokimlik, hoynahoy oʻzlarini nazarda tutmagan. Axir, hamma ish ularning qoʻlida-ku! Pullarni sovurib, vaqtni oʻtkazgan sari muammo mana shunday boʻy koʻrsataveradi. Bundan boʻlak narsa aytish nooʻrin.

5 sabab – «Hokimiyatning fikricha, qurilishga (bino-inshoot, yoʻl, koʻprik) ruxsat beruvchi tashkilotlar tomonidan loyiha hujjatlarida irrigatsiya tarmoqlarini nazarda tutilishiga qatʼiy talablar qoʻyilmagan. Ushbu tashkilotlar bilan Toshkentdagi irrigatsiya tarmoqlarini saqlashga masʼul tashkilotlar bilan majburiy kelishish amaliyoti yoʻlga qoʻymagan».

Bu yerda uchinchi sababga yozgan javobimizga qoʻshimcha qilishimiz mumkin. Poytaxtni Venetsiyaga aylanishiga asosiy sabab aslida hokimiyatning oʻzi emasmi? Qurilishlar oʻz qoʻli ostida boʻlgan, barcha ruxsatnomalarni oʻzlari tayyorlagan tashkilot boshqalarni ayblashga urinishi gʻalati holat.

Xullas, bunday koʻzboʻyamachiliklar, muammo ortidan bir nimalarni keltirib munosabat bildirishlar nima uchun kerak?

Mana shu oddiy eʼtiborsizliklar yigʻilib katta muammoga aylangan ekan, avvalo bunga yoʻl qoʻyganlar javob bermasdan, uni bartaraf etish uchun 500 mlrd. soʻmga koʻz tikish qanchalik adolatdan boʻladi?..