Nima? Goʻsht qimmat? Oyda bir kilo ham goʻsht yemayapmiz?
Nima, nima? Hammasiga chorvadorlar aybdor? Molimizning ustiga oʼzimizning narximizni ham qoʻyib sotayapmiz?
Heh,sizlardan. Zamon koʻtarsa-yu, qimmat deb gʻuldiragan tillaringni sugʻurib, olazarak qaragan koʻzlaringni oʻyib olsam. Nima sizga goʻsht daraxtda oʻsarmidiki, oʻzidan-oʻzi meva bersa, yo yerga ekib, bir qop oʻgʻit bilan hosil olsam.
Goʻsht degani hayvonlarda boʻladi, qoʻyda boʻladi, molda boʻladi. Ular tirik jon boʻlsa, yeyman deydi, ichaman deydi. Yo mol-qoʻyning havodan semirganini eshitganmisiz, a labbay?
Bilmasangiz, aytib qoʻyay,molning vaznini bir kunda 250-300 grammgacha oshirish mumkin. Bu uchun esa jonivorning koʻzlariga moʻltirab qarab turish kifoya emas. Bir kunda 4-4,5 kilogramm yem, 7-8 kilogramm silos, somon, picha yoki beda kerak. Bularni qayerdan olaman, menga katta bobomdan yem ombori meros qolmagan boʻlsa?!
Yemning narxi turiga qarab, 3 mingdan boshlanadi, bir bogʻ beda esa 30 ming. Somonning zichlangan bogʻini 18 ming deydi, baraka topkurlar. Agar molingiz juda taʼbi nozik, «figura»sini oʻylaydigan ofatijon boʻlsa ham bir kunda kamida 17-19 ming soʻmlik ozuqa beriladi. Siz qimmat, qimmat deyotgan goʻshtning bugungi kundagi oʻrtacha narxi 70 ming boʻlsa, 300 gramm goʻsht 21 ming boʻladi.
Xoʻsh, shunda bir kilogram goʻshtdan 4 ming soʻm atrofida pul qoladi. Yoz chillasida chelaklab suv tashiganim, qishning qahratonida tutunga koʻmilib yem qaynatganim, qassobga topshirish, yoʻlkiraz doʻkon ijarasiz patta puli va soliqlarni ham qoʻshib hisoblasak, menga qancha pul qolyapti?
Anaaa, endi oʻzingizga kelyapsiz. Toʻgʻri, chorva mollari yaylovlarda boqilsa, hisob-kitob boshqacha boʻladi, albatta. Lekin yaylovni qayerdan olay? Tilla baliqcham boʻlib, tila tilagingni desa ekan, keng, barra oʻtli yaylovlarni tilasam. Shunda yem-xashakka sarflaydigan pulim tejalsa-yu, har haftada emas, har kunda goʻshtli ovqat yesangiz.
Qayerda deysiz, bugungi kunda yurtimizda yaylovlar deyarli qolmagan. Ularning oʻrnini bogʻlar,bugʻdoyzor va paxtazorlar egallagan. Borini ham baraka topgur fermerlarimiz, hokimlarimiz yeng uchida tinchitib yuborishyapti.
Uzoqda emas, bizning Nurobodda ham shu muammo. Bir poraxo‘r hokim fermerlarning porasini olib, yaylovlarni shularga sotib yuborgan. Odamlarga chorva boqishiga yer yo‘q.
Qishlogʻimizdayam shu hammom, shu tos. Hamma yerni bir fermer 15 million berib, o‘ziniki qilib olgan. Yarim qishloq o‘n yillardan beri sarson…
Shikoyat qilib borsa qo‘lida hujjati bor, yer qonuniy uniki. Poraxo‘r hokim ketdi, muammo esa qoldi. Xulllas, qishloqlarda, tumanlarda shunaqa gaplar…
Ana, koʻryapsizmi, dardimni aytsam, elga doston boʻladi. Hadeb, goʻshting qimmat deb jigʻimga tegavermang.
Boring, yaxshisi yaylovlarni pullab yuborayotgan fermerlar-u, hokimlar, chorva ozuqasini ishlab chiqarish, biz chorvadorlarga yetkazib berish haqida oʻylamayotgan zanglagan kallalarga arzi-hol qiling.
Mobodo, masala ijobiy hal boʻlib, dodimizga kimdir quloq tutadigan boʻlsa, bir somsaxoʻrlik qilamiz. Faqat goʻshtlisi bilan emas, kartoshkalisidan. Nega desangiz, Ramazon yaqin,goʻsht qimmatlashib ketyapti.