Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingi muntazam e’lon qilib boriladi. O‘zbekiston poytaxti yetakchilar safida emas. Lekin so‘nggi yillarda Toshkentda yashash xarajatlari keskin ko‘tarilib bormoqdaki, o‘sish surati bo‘yicha dunyoning manaman degan shaharlari bilan bellashishi mumkin. Xo‘sh, O‘zbekistonda poytaxtida bir oy yashash qanchaga tushadi, iqtisodiy salohiyatga nomutanosib bo‘lgan bunday baland narxlar sababi nimada?
Toshkentda yashash, tirikchilik qilishda bir necha asosiy yo‘nalishlar borki, ular xarajatlarning asosini belgilaydi. Hisob-kitobni poytaxtga o‘z omadini sinash uchun kelgan yosh oila misolida qilib ko‘ramiz, zero hamma davlatlarda ham aynan shunday o‘rta qatlam taraqqiyotni ham, iste’molni ham belgilaydi.
Ijara – boshpana muammosi
Bugungi kunda Toshkentda ijaraga boshpana izlaganlar ajib vaziyatga duch kelishadi. O‘rtacha hisoblangan, 2 xonali jihozlangan xonadonni 250-300 dollarga topish imkonsiz bo‘lib qoldi. Deyarli hamma ijara beruvchilar mijozlari talabalar emas, oila bo‘lishini istaydi, lekin oila uchun narx arzon bo‘lib qolmaydi.
Yana buning ustiga kommunal to‘lovlar ham bor. Ikki xonali uyga bir oyda o‘rtacha 250 ming so‘m atrofida xarajat qilish zarur. Shunday qilib to‘rt kishilik oilaning boshpana muammosi bir oyda o‘rtacha 3,5 mln so‘mga tushadi. Bu eng kamida.
Yegulik
So‘nggi yillarda oziq-ovqat bahosi shiddat bilan o‘sib borayotgani hech kimga sir emas. Albatta, bu holatni dunyo bo‘ylab kechayotgan tendensiya deya baholash mumkin, ammo daromadi bu tezlikda oshmayotgan oddiy aholi bundan taskin topishi qiyin. Narx oshishi ayniqsa barcha narsani xarid qilishga majbur bo‘lgan yirik shaharlar aholisiga juda bilinadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra to‘rt kishilik kichik oilaga haftasiga 500-600 ming, oyiga 2-2.5 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari zarur bo‘ladi. Bu ham o‘rtachadan pastroq hisob-kitoblarda.
Transport
Yosh va ijarada yashovchi oilaning avtomobili bo‘lishi qiyin masala. Demak jamoat transporti va zaruratga ko‘ra taksidan foydalaniladi. Agar ikki kishi ishlaydigan bo‘lsa, transport uchun kundalik xarajat kamida 15-20 mingni, oylik esa 500-600 ming so‘mni tashkil etadi. Lekin bunda ham bolalarni bog‘cha, maktabga jo‘natish yoki olib kelish xarajatlari kirmagan.
Kiyinish
Xarajatlarning eng mavhumi, lekin zarurlaridan biri. Kattalarning libosini qo‘yib turib, qish oldidan bolalarga kiyim xarid qilish tajribasidan kelib chiqamiz. Deylik maktab o‘quvchisi bo‘lgan bir nafar, bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yana bir nafar bolalarga bittadan kurtka, etish, jemper, shim va ko‘ylak olish o‘rtacha 1,5-2 mln so‘mga tushadi.
Albatta, mavsumiy ust-bosh har doim ham xarid qilinavermaydi. Lekin biz ota-onaning bu boradagi xarajatlarini hisobga olmadik. Demak bir oilaning kiyinish uchun oylik xarajatlarni kamida 800 ming-1 mln so‘m deb olish mumkin. Bu ham iqtisod qilinganda.
Texnika va kommunikasiya
Bugun uyali aloqa, internet, kabel televideniyesi kabi qulayliklar hayotiy zaruratga aylangan. Albatta, ularsiz ham yashash mumkindir, lekin endi rivojlanish bo‘lmaydi. O‘rtacha internet paketni 100 ming, ikki kishining telefon to‘lovlarini 70 ming, kabel to‘lovini 30 ming deb olsak, bir xonadonga 200 ming so‘m xarajat qo‘shiladi. Bu muntazam xarajat.
Bundan tashqari yosh oila zamonaviy telefon va noutbuklarsiz bo‘lishi mumkin emas. Doim xarajat qilinmasada, bir oyga chaqilganda bularning xaridi o‘rtacha 300 ming so‘mdan kamiga aylanmaydi. Jamlanganida esa yuqoridagilarga yana 500 ming qo‘shilib turibdi.
Bolalar
Bugungi kunda farzandlar ta’lim olishiga hamma jiddiy e’tibor berilyapti. Til o‘rgatilmayotgan, biror qo‘shimcha mashg‘ulotga qatnamayotgan bolani topish qiyin bo‘lib qolgani quvonarli. Lekin kelajakka investisiya ham cho‘ntakni qoqlashi tayin.
Bog‘cha xarajati kamida 200 ming, maktabga qatnovchi farzandning qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan birga ta’limi va kunlik qo‘liga beriladigan pul oyiag o‘rtacha 400 ming deb olamiz. Demak jami 600 ming. Bunga turli yig‘imlar, kutilmagan xarajatlarni qo‘shmadik. Albatta, bu raqamga qo‘shilmaydiganlar ham bo‘ladi, lekin nisbiylikda eng yaqini shu.
Ko‘chada qorin to‘ydirish
Ishga qatnovchi er-xotin bir oyda kamida 20 kun tushlik qilishga majbur bo‘ladi. Mana shu nuqta ham biroz og‘riqli, mahalliy aholi bilan birga Toshkentga muntazam kelib ketuvchi xorijliklar ham umumiy ovqatlanish tarmoqlarida yegulik narxlari muntazam oshib borayotganini ta’kidlashgan. Bugungi kunda Toshkentda 15 mingga ovqatlanish imkonsiz bo‘lib qoldi. Lekin biz minimumni olamiz va ikki kishi uchun 40 ming so‘m, oylik xarajatni esa 800 ming so‘m deb chiqaramiz.
Xo‘sh, qanday kartina hosil bo‘lmoqda?
3,5 mln+2.5 mln+600 ming+1 mln+500 ming+600 ming+800 ming=9,5 mln* so‘m.
Bu faqat tirikchilik xarajatlari. Davolanish, madaniy hordiq, sayohatlar, uzoq muddat foydalaniluvchi buyumlar xarid qilish, kimgadir yordam berish kabi keyinga surish mumkin bo‘lgan xarajatlar kiritilmagan.
Ko‘rinadiki, oilaning har ikki a’zosi bugungi kun darajasini saqlab qolish uchun oyiga kamida 9-10 mln so‘m maosh olishi (pul topishi), ya’ni har biri 5 mln so‘mlik muntazam ishga ega bo‘lishi lozim. Kimdir buni eplayapti, kimdir esa yo‘q.
O‘zbekistonda yashash sharoitlari bo‘yicha poytaxt yetakchiligi tayin. Shu bilan birga salohiyatni namoyish etishda ham hech bir shahar poytaxtga yetmaydi. Demak belni bog‘lab Toshkentga yo‘l olganlar bu jihatlarni hisobga olishlari lozim.
P.S.: Hisob-kitoblar rasmiy statistikaga emas, kundalik kuzatuvlar va so‘rovlarga asoslangan.
Abror Zohidov