Farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi uchun qay darajada ahamiyatli va qanchalik mukammal bo‘ladi?
Istiqlolning dastlabki yillarida yangi, yosh mustaqil davlat uchun oldingi tuzimning mafkurasi, ta’lim tizimi, shuningdek, darslik adabiyotlari ham muvofiq bo‘lmasligi tabiiy edi. Bu masala to‘g‘ri mulohaza qilingach, bir qancha olimlar jamoasi yangi darsliklar yaratish ustida ish boshladi. Darsliklar yaratilib, muhokamalardan o‘tib, o‘quvchilar qo‘liga yetib borguncha maktablarda bir muddat kitobsiz, faqat o‘quv dasturi asosida darslar o‘tilgani ham ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.
«Eng zamonaviy»sini yaratish muammosi
O‘sha paytda ota-onalar va o‘quvchilar oldingilariga umuman o‘xshamagan, darsliklarning butkul yangi avlodi yaratilishini intizorlik bilan kutishgan edi. Nihoyat, darsliklar qo‘lga tekkanda ularning har tomonlama pishiq-puxta emasligi ko‘p bahs-munozalarga sabab bo‘ldi. Hatto, qisqa vaqt ichida bir fan doirasida bir necha darsliklar sinovdan o‘tkazildi. Bu hamma uchun birmuncha noqulayliklar keltirib chiqardi. Buning ustiga darsliklar uchun pulli (keyinchalik ijara) tizim joriy qilina boshladi. Har yili farzandiga yangi darslik sotib olishi va bu kitoblar keyingi yili hech kimga kerak bo‘lmasligi har bir ota-onaga malol kelishi tabiiy edi. Shunday bo‘lsa-da, bir yilning o‘zida bitta fandan bir nechta darsliklar tajriba tariqasida taqdim etilgani ham rost.
Xullas, har jihatdan munosib bo‘lgan darsliklar yaratish sinovi borasida, mana, o‘ttiz yildirki, turli tajribalar o‘tkazib kelinyapti. Ammo haligacha aniq va uzil-kesil bir shakl va metodga kelingani yo‘q. Orada bir necha avlod tajriba sifatidagi turli darsliklarni o‘qib-o‘qimay maktabni tugatib oldi.
Xalq ta’limi tizimi va unda darsliklardan foydalanishda muayyan barqarorlik, ko‘lam, aniq belgilab olingan standartlar ishlab chiqilmadi. Bir yil o‘qitilgan mavzular keyingi yil o‘zgartirildi yoki dasturdan umuman chiqarib tashlandi.
Respublikadagi eng ilg‘or olimlar jamoasi uzoq yillik izlanishlar samarasi o‘laroq yangi zamon talablariga to‘la javob bera oladigan, davr mafkurasini o‘zida aks ettirgan, shu bilan birga, oldingilarini takrorlamaydigan darsliklar yaratishni qat’iy maqsad qilib olgan edi. Bu boradagi izlanishlar haligacha davom etmoqda.
Oradan o‘ttiz bir yil o‘tgach, darsliklar masalasi yana kun tartibiga qo‘yildi. O‘tgan davrda yaratilgan darsliklar bugungi kunning zamonaviy talablariga to‘la javob bera olmayotgani yana bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda. Mana, bugun ham eng yangi zamonaviy darslik yaratish ustida bosh qotirilyapti. Ular farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi uchun qay darajada ahamiyatli va qanchalik mukammal bo‘ladi? Ushbu savol shu kunlarda hammani qiziqtirayotgan bo‘lsa, ajab emas.
Ahamiyat berilsa, shu paytgacha yaratilgan darsliklarning deyarli barchasi «eng yangi» va «zamonaviy» bo‘lish talabiga asoslandi. Bu bilan ta’lim mutasaddilari ham, darslik mualliflari ham ularning bugungi kun o‘quvchisi uchun oson, tushunarli va foydali bo‘lishini nazarda tutishdi. Mazkur ishga bosh qo‘shgan fidoyi insonlarning barchasida maqsad juda ezgu bo‘lgan. E’tirof etish kerakki, hatto bu borada salmoqli yutuqlarga ham erishildi. Sobiq ittifoq ta’lim tizimining milliy dunyoqarashga bir qadar begona bo‘lgan va ayrim hollarda bir joyda depsinib qolgan, yillar davomida paydo bo‘lgan yangi axborotlar tizimini o‘zida mujassamlashtira olmagan, biqiq mafkura iskanjasida tutilgan darsliklari bilan solishtirganda istiqlol davri darsliklari katta natijalarga olib chiqishi ko‘zlangan edi. Bu maqsadga bir qadar erishilgani albatta e’tirof etilishi zarur.
Shu bilan birga, masalaning boshqa taraflari ham bor edi. Darsliklarga qo‘yilgan «eng yangi» va «zamonaviy» bo‘lish talabi ularning yangi kun, yangi davr talablariga to‘la javob bera olmay, qisqa muddatda eskirib qolishiga sabab bo‘la boshladi. Borliqning oddiy qonuniyati shundaki, har qanday yangi narsa vaqt o‘tishi bilan eskirishga yuz tutadi. Har bir «zamonaviy» davrlar o‘zgarishi bilan o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib berishga mahkum. Zamonaviylik faqat o‘z davri uchungina zamonaviy bo‘la oladi xolos. Boshqa zamonlarning o‘z zamonaviyligi paydo bo‘laveradi. Shu mantiqiy xususiyat, shubhasizki, eng yangi va zamonaviy bo‘lish xususiyati bilan yaratilgan darsliklar boshiga ham tushdi.
Vaqt o‘tgan sari ilm-fanning yangi ufqlari ochila boradi. Inson dunyoqarashi, ilmi, saviyasi, hayot tarzi ham shunga muvofiq ilgarilashdan hech qachon to‘xtamaydi. Shunday bir shiddatli davrda har bir zamon uchun eskirmas va ayni paytda yangilik bo‘la oladigan darsliklar yaratish chindan ham juda katta masala hisoblanadi. Insoniyat tarixini kuzatsak, ilm-fanda eng yuqori darajalarga erishilgan davrlarda ta’lim aynan shu – eskirmas va hamisha yangilik bera oladigan o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish yo‘lidan borilganining guvohi bo‘lamiz.
Bugun Uchinchi Renessansga qadam qo‘yish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilyapti. Shunday paytda ajdodlarimiz ilm-fanda taraqqiy etgan, butun insoniyat uchun tatigulik ilmiy kashfiyot va ixtirolar yaratgan, bu bilan dunyoni lol qoldirgan oldingi davrlardagi eng ilg‘or tajribalarga murojaat qilish, ularning yutuqlaridan foydalanish ehtiyoji albatta yuzaga keladi. Masalaga sin solib qarasak, dunyoning eng rivojlangan ta’lim dargohlari asosan bizning ajdodlarimiz yaratgan o‘quv tizimi hamda ilmiy asarlariga tayangan holda yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Ammo shu merosning haqiqiy vorislari bo‘lgan bizlar esa hali bu ulkan xazinadan to‘la foydalana olyapmiz, deya olmaymiz.
Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Koshg‘ariy, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi o‘nlab alloma bobolarimizning boy ilmiy merosi jahon ilm-fan taraqqiyotida tub burilish yasaganini hech kim inkor etolmaydi. Ammo ularning ilm-fanda aynan nimalar yaratgani va bugungi kunimizdagi ahamiyati haqida juda kam ma’lumotga egamiz. Ayniqsa, maktab darsliklaridagi ma’lumotlar asosan allomaning tug‘ilishi, yashagan joyi va davri, yaratgan asarlari haqidagi juda qisqa annotasion tarzdagi boshlang‘ich xabarlar xolos. Loaqal biron asarning tub mohiyati bilan o‘rganish darajasiga hali yetib borolganimiz yo‘q. Ehtimol, dunyoning boshqa davlatlari ta’lim tizimidan ajralib turuvchi farqimiz ham shunda bo‘lsa kerak.
Mana, sizga birgina misol keltiraman. Alisher Navoiyning ustozi –mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy tahsilda farzandi til qoidalarini o‘zlashtirishga qiynalayotganini mulohaza qilib, uning darsligi hoshiyasiga ba’zi tushuntiruvchi izohlarni yozib bergan. Keyinchalik ana shu izohlarning o‘zi alohida darslik sifatida o‘qitila boshlagan. E’tiborlisi shundaki, o‘sha kitob an’anaviy ta’lim tizimida haligacha asosiy darslik vazifasini bajarib kelyapti. Hozir oradan qariyb olti yuz yil o‘tdi. Davrlar, zamonlar, mafkuralar, dunyoqarashlar tinimsiz o‘zgarib turdi. Lekin bu muddat Jomiyning kitob hoshiyasida o‘g‘liga atab yozgan bitiklariga hech qanday ta’sir o‘tkaza olgani yo‘q. U bugun ham noyob, qadrli va manfaatli manba sifatida keng iste’molda bo‘lib kelyapti.
Bu kabi misollarni boshqa allomalar asarlari haqida ham aytish mumkin. Zero, buyuk allomalarimiz yaratgan ilmiy asarlarni inkor eta oladigan tafakkur namunalari haligacha dunyo miqyosida ham yaratilganicha yo‘q.
Bugun yaratilayotgan darsliklarda ta’lim tizimidagi shu kabi an’anaviy asoslarni inobatga olish, bizningcha, katta samara beradi.
Yolg‘on yozilayotgan kitoblar
Bolalar aksariyat hollarda maktabga chiqqanida ilk bor kitob bilan tanishadi. Dastlab unga cheksiz hayrat bilan munosabatda bo‘ladi. Uni faqatgina to‘g‘ri ma’lumotlarni beruvchi chinakam ilm manbai, deb qabul qiladi. Shunday paytda maktab darsligida biron texnik, imloviy yo mazmuniy xato uchrasa, bolaning katta ishonchi chilparchin bo‘ladi. Bolada kitobga nisbatan ishonch va hurmat hissi yo‘qola boradi. Oqibatda, bola nafaqat maktab darsligi, balki har qanday kitobdan uzoqlasha boshlaydi. Bu oxir-oqibatda, ta’limdan, ilm-ma’rifatdan uzoqlashishga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, albatta. Bugungacha yaratilgan darsliklarda shunday nomuvofiqliklarni uchratish mumkin. Endilikda bunday nuqsonlarga yo‘q qo‘yilmasligiga o‘ta jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Modomiki, darsliklar o‘quvchining yoshiga mos tarzda sinflarga mo‘ljallab tayyorlanar ekan, ularda bolaning qabul qilish, tushunish va anglash xususiyatini ham inobatga olish muhimdir. Yillar davomida qayta-qayta mulohazalarga sabab bo‘lib kelayotgan adabiyot darsliklaridagi murakkab ishqiy g‘azallar, ko‘p qatlamli tasavvufiy timsollar o‘rniga bola ma’naviyatiga oziq beruvchi axloqiy hikoyatlardan foydalanish har tomonlama maqsadga muvofiq va foydali bo‘ladi.
Shuningdek, barcha darsliklardagi ma’lumotlar umumlashtirilganda bir-biriga zid bo‘lmasligi, biri boshqasini inkor etmasligi, xalqning ming yillar davomida shakllangan qadriyatlari, muqaddas tuyg‘ulari, ishonchi, turmush tarzi, yuksak axloq namunalariga xilof bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratilishi juda muhimdir.
Uchinchi Renessans darsliklari uchun birinchi va ikkinchi renessansdagi ilg‘or tajribalarga o‘rinli asoslanish darsliklar bilan bog‘liq bir qancha muammolarning ijobiy yechim topishiga yo‘l ochishi mumkin. Lekin bu ish shoshma-shosharlik bilan bir zumda qilinadigan yumush emasligini e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Buning uchun alohida olimlar jamoasi tuzilib, masalaning barcha jihatlarini atroflicha o‘rganib chiqishi zarur. Bugungi kun uchun zaruriy, ertangi istiqbolimizni belgilab beradigan, eng muhimi, jahon ilm-fani taraqqiyotiga mustahkam manba sifatida hissa qo‘sha oladigan darsliklar yaratish biz uchun faqat orzu bo‘lib qolmasligi kerak. Ushbu murakkab, lekin sharafli vazifa boshlanayotgan yangi tamaddun uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Ziyouddin KAMOL