Futbol bo‘yicha Angliya Premer-ligasining mart oyidagi eng yaxshi futbolchi va murabbiyi aniqlandi. Bu haqda turnirning Twitter sahifasida xabar berildi.
“Lester” hujumchisi Kelechi Iheanacho eng yaxshi futbolchi sovrinini qo‘lga kiritdi. Nigeriyalik hujumchi mart oyida chempionatning uchta o‘yinida beshta gol urgan. “Eng yaxshi murabbiy” sovrinini “Chelsi” ustozi Tomas Tuxel qo‘lga kiritdi. Yanvar oyi oxiridan beri londonliklarni boshqarib kelayotgan nemis mutaxassisi jamoasiga ikkita g‘alaba va bitta o‘yinda durangga erishishda yordam berdi.
Iheanacho uchun ushbu mukofot uning faoliyatidagi birinchi sovrin bo‘ldi. Bundan tashqari, Tuxel shu paytgacha APLda hech qachon oyning eng yaxshi murabbiyi deb topilmagan edi.
Shuningdek, Premer-ligada oyning eng yaxshi goli g‘olibi aniqlandi. Ushbu mukofot “Tottenxem” yarim himoyachisi Erik Lamelaga nasib etdi, u “Arsenal”ga qarshi derbida (1:2) “Rabona” uslubidagi goli bilan o‘yinni bezab bergandi.