O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mustaqil hamshiralik bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi

Hukumat qarori (578-son, 17.09.2021 y.) bilan O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyati bilan shug‘ullanishga o‘rta tibbiy (hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi) yoki oliy hamshiralik ishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan shaxslarga (hamshira) ruxsat beriladi.

Buning uchun hamshira maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tish kerak. Hamshiraga ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tadi hamda mustaqil hamshira sifatida faoliyatini boshlaydi.

Mustaqil hamshira axborot dasturida ma’lumotlarni bevosita o‘zi kiritishi yoki tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga kelgan holda axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bunda malaka to‘g‘risidagi sertifikat bo‘lishi talab etiladi, mustaqil hamshira ta’lim tashkilotini tugatganiga 3 yil bo‘lmagan taqdirda ushbu sertifikat talab etilmaydi.

So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi guvohnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.

Guvohnoma cheklanmagan muddatga berilib, uni rasmiylashtirishda hech qanday haq undirilmaydi.

Nizomga ko‘ra, mustaqil hamshiraning shifokor ko‘rsatmasisiz hamda uning tavsiyasi asosida aholiga mustaqil tibbiy maslahat va muolajalarni bajarish bo‘yicha huquqlari belgilandi.

Mustaqil hamshira faoliyatni amalga oshirishdagi harakatlari (harakasizligi) uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. Shuningdek, mustaqil hamshiraga sterilizasiya qilinishi talab etiladigan tibbiy buyumlardan foydalangan holda aholiga tibbiy muolajalarini bajarishiga, dori vositalari qabul qilishda nojo‘ya ta’sir holatini aniqlash maqsadida qo‘yilgan sinama holatini baholashga ruxsat etilmaydi.

Ma’lumot uchun, mazkur faoliyat bilan Prezident farmoniva ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

Leave a comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan