Ayollarning jamiyatda xo‘rlanishi – tanazzulning boshlanishi

Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga birorta birodari qiz farzandli bo’lgani haqida xabar kelsa: “Unga aytinglar, payg’ambarimiz qizlarning otalari bo’lganlar”, der edilar. Lekin afsuski qiz farzandga past nazar bilan qaraydiganlar hali hamon jamiyatimizda bor. Yaqinda Samarqandda yuz bergan voqea ham so’zimizning yorqin isbotidir. Uzoq yillar davomida onaga o’tkazilgan tazyiq natijasida 16 yoshli qiz o’z joniga qasd qilgan. Onaning “aybi’’ esa ketma-ket qiz farzand ko’rgani. U shu kamchilik tufayli erining tahqirlanishi yetmagandek qaynonasi tomonidan ham qiynoqqa duch kelgan. Xo’rlikka, kaltaklarga jur’ati yetmay, ruhan va jismonan azoblanib kelgan ayol qizining vafotidan so’ng o’zini o’ldiradi. Mana shu mavzu haqida yozar ekanman, so’nggi yillarda ayollarga nisbatan zo’ravonliklar kuchayganligi, erta turmush holatlarining uchrab turishi kun sayin ko’payib borayotganiga amin bo’ldim. Yuqori Chirchiq tumanida o’zining otasi tomonidan zo’rlanib, homilador bo’lib qolgan qizning keyingi taqdiri nima bo’ladi? Yoki metroda farzandi tengi qizaloqqa nojo’ya harakatlar qilgan erkak haqidagi xabarlar… Biz qaysi dunyoda yashayapmiz? Erkak va ayollar teng huquqli, biz mustaqil vatanda ozod insonlarmiz deymiz-u, lekin bu so’zlar amalda o’zining to’laligicha tasdig’ini topmayotganini yaxshi bilamiz.

Ehtimol qizlar har xil muhitda, har xil sharoitda ulg’ayishlari mumkin, lekin ularni bir narsa doimo birlashtirib turadi: ular o’zlariga ishona olmaydi, chunki jamiyat, atrofdagi insonlarning ushbu dashnomlarini eshitib ulg’ayadi: “Qiz bola o’qib shahar olib berardimi?’’, “ Bu ayollarning ishi emas’’, “Qiz bolaning uyi kuyovni uyida”. Ehtimol bu kim uchundir oddiy narsadir, lekin qizlarning huquqini himoya qiladigan qator tashkilotlar qani, qayerga qarayapti? Oddiygina qishloq qizlarining jajji, orzularga to’la yuragini ota-onasining birgina qarori so’ndirib yubormayapdimikin?

Asosiy qonunimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya belgilab qo‘yilgan. Lekin bugungi kunda ushbu qonun to’laligicha amalga oshmayapdi. Bechora qizlar Oliy Ta’lim Muassasiga hujjat topshirganda ham yuragini hovuchlab turadi. Yo kirdi, yoki ota onasi ularni turmushga berish taraddudiga tushadi. Lekin o’qishga kira olmadim degani majburan turmushga chiqadi degani emas.

Oila qurish-ba’zilarning o’ylaganidek oson narsa emas. Bu inson hayotidagi eng mas’uliyatli ishlardandir. Ko’pincha viloyatlarni chekka hududlarida, qishloqlarda qizlarni o‘n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Albatta, har bir ota-ona o’zining farzandini baxtli bo’lishini xohlaydi. Ammo yaxshi joy chiqqanda uzatib olay, degan noto’g’ri qarorlar ko’pgina salbiy oqibatlarga olib kelishini tushunmaydi.

Mutaxassislar tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo‘lishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. Ko‘p hollarda bunday yoshdagi qizlarning sog‘lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqadi. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor bo‘lmasdan oila qurishi ko‘pincha tug‘ruq jarayonida o‘lim xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo‘lajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.

Agar sog‘lom farzandni tug’ilsa, u nafaqat ota-onaning, balki millatning umididir.
Hurmatli ota-onalar, agar qizingiz ilm olish tarafdori bo’lsa, siz unga imkoniyat yaratib bering. Zero, ulug’lar aytadi: ” Bir odamning o’g’il va qiz farzandi bo’lsa-yu, ikkisidan faqat bittasini o’qitishga qurbi yetsa, qizini o’qitishi kerak”. Sababi o’g’il bolaning o’qishi bir kishini o’qishi bo’lsa, ayol kishining o’qishi esa butun bir oilaning, jamiyatning ilmli bo’lishidir.

Har bir erkakning ortida qaysidir fidoyi ayol mehnati bo’ladi. Ayollarni asrang. Chunki ular sizning onangiz yoki singlingiz, jufti halolingiz yoki qiz farzandingizdir.

Muallif: Laylo Esanmurodova

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *