«Olima ayollar uchun ilmiy laboratoriya» (HIVE) loyihasi muallifi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti Rauf Saloxoʻjayev bilan suhbat


Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni taʼminlash Oʻzbekiston ichki siyosiy konsepsiyasining ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kiradi. Bugungi kunda mamlakat akademik doiralarida ayollarning oʻrni va mavqeini oshirish, yangi avlod olimalarini tarbiyalash hamda istiqbolli loyihalarini ragʻbatlantirish boʻyicha muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Koʻzlangan maqsad-vazifalarga erishish esa ilm-fan sohasini isloh etish masalasiga tizimli yondashuvni talab qiladi.


Hozircha bu borada oʻz yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Oʻzbek xotin-qizlarining ilmiy salohiyati, ularning xalqaro miqyosda oʻzini namoyon etishi hamda raqobatlashishiga toʻsqinlik qilayotgan omillar xususida «Olima ayollar uchun ilmiy laboratoriya» (HIVE) loyihasi muallifi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti Rauf Saloxoʻjayev bilan fikrlashdik.


– Oʻzbekistonda ayollarning akademik faolligi haqida nima deya olasiz?


– Avvalo, aytish kerak, mamlakatimizda nafaqat ilmiy muassasalar, balki oliy oʻquv yurtlarida faoliyat koʻrsatayotgan mutaxassislar ham olim, deb yuritiladi. Yaʼni universitet oʻqituvchisi bir vaqtning oʻzida dars berishi va ilmiy izlanishlar olib borishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, Oʻzbekistonda ayol tadqiqotchilarning salmogʻi oz emas. Biroq rahbarlik lavozimlarida ular deyarli koʻrsatilmagan.
Endi akademik faollik masalasiga kelsak. Dunyoda tartib-taomil shundayki, universitetda ishlayotgan pedagog muntazam ravishda ilmiy mahsulot yaratmasa, olimlikka daʼvo qilolmaydi. Hatto fan doktori yoki professor boʻlsa ham! Xalqaro maʼlumotlar bazalarida indeksatsiyalanuvchi ilmiy jurnallarda maqola chiqarish ilm-fandagi peshqadamlikning dastlabki va asosiy shartidir. Akademik mobillik xuddi shu mezon bilan oʻlchanadi. Ijtimoiy fanlardan mana shu talabga javob bera olayotgan tadqiqotchilarimiz, xoh erkak, xoh ayol boʻlsin, nihoyatda kam. Aniq va tabiiy fanlarda vaziyat birmuncha yaxshi.


– Xoʻsh, muammo nimada?


– Oʻzbekistonlik olimlar respublika, nari borsa, Hamdoʻstlik mamlakatlarida tarqatiladigan ilmiy nashrlarda maqola eʼlon qilishga odatlanib qolgan. Xalqaro jurnallar bilan hamkorlik qilishini esa aksariyatining ingliz tilini talab darajasida bilmasligi qiyinlashtirmoqda. Bu sovet davridan davom etib kelayotgan «anʼana». Vaholanki, 1992 yildan keyin mamlakatimiz jahonga ochildi. Endi mahalliy akademik doiralar oʻzining tor qobigʻidan chiqib, jahon olimlari bilan raqobatga kirishishi zarur. Bunga vaqt kerak, albatta. Hozir oʻtish davridamiz. Oʻtgan yili Oʻzbekiston «yirtqich» jurnallarda chop etilgan maqolalar soni boʻyicha yetakchi pozitsiyani egallagani ham fikrimni tasdiqlaydi.
Oʻn yil avval Xitoyda ham shunday muammo bor edi. Davlatning istiqbolli ilmiy tadqiqotlarni munosib ragʻbatlantirish mexanizmi evaziga endilikda bu mamlakat nufuzli ilmiy jurnallarda eʼlon qilinayotgan maqolalar soni boʻyicha jahonda peshqadamlik qilmoqda (hademay, AQShdan oʻzib ketsa ham, ajab emas!). Top jurnaldagi har bir maqola uchun xitoylik olim hukumatdan 20-30 ming dollargacha mukofot oladi. Mana buni chinakam motivatsiya desa boʻladi.
Oʻzbekistonda ham ilm ahlini, birinchi navbatda, moddiy ragʻbatlantirish kerak. Turli fan sohalari boʻyicha mukofotlar taʼsis etish mumkin. Menimcha, bu masalaga individual tarzda yondashilgani maʼqul. Nega, masalan, hozir davlat ilmiy grantlari faqat olimlar jamoasiga ajratiladi? Axir, olimning oʻzi ham moliyaviy koʻmak olishga haqli-ku.


– Oʻtish davrida olimlar, xususan, ayollarimizga yana qanday qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelmoqda?


– Jahon ilm-fanida raqobatlashish uchun ingliz tilini mukammal bilish kerak. Ilmiy maqola yozishda til va uslubga doir qatʼiy talablar bor. Xalqaro ilmiy jurnallar quruq, texnik tildan allaqachon voz kechib boʻlgan. Tahririyatlar oʻz nashrining oʻqishli boʻlishini, maqolalar nainki olimlar, balki siyosatchi, biznesmenlar tomonidan ham tashnalik bilan mutolaa qilinishini xohlaydi. Bu esa zamonamiz olimlari oldiga qoʻshimcha vazifalar qoʻymoqda.


Keyingi nozik masala ilmiy tadqiqot olib borish usullari bilan bogʻliq. Aniq yoki tabiiy fanlarda turli kuzatuv, tajriba eksperimentlar asosida ilmiy xulosaga kelinadi. Lekin ijtimoiy fanlarning tabiati boshqacharoq. Iqtisodiyot yoki sotsiologiya boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalari jahon ilm ahlining eʼtiboriga tushishi uchun material oʻta yuqori saviyali tahliliy xarakter kasb etishi zarur. Yaqin vaqtgacha oʻzbekistonlik olimlardan bunday koʻnikma talab qilinmasdi.
Har qanday ixtiro yoki kashfiyot zamirida hech kimning xayoliga kelmagan original gʻoya yotadi. Aslida ilm-faning birlamchi vazifasi ijtimoiy hayotdagi muammolarga nostandart yechim topishdan iborat. Afsuski, haligacha olimlarimiz asosan lokal, yaʼni mamlakat ichidagina dolzarb boʻlgan masalalar yechimi ustida bosh qotirib kelmoqda. Albatta, bu mavzular ham kerak. Ammo endi marrani yuqoriroq olish zarur. Aks holda, jahon ilm-fanidan orqada qolib ketaveramiz. Shusiz ham juda koʻp vaqtni boy berdik. Ilmiy tafakkurning transformatsiyasiga yana kamida 5-6 yil talab qilinadi.
Xitoy tajribasiga qaytaman. Bu davlat dunyodagi yetakchi ilmiy markazlardan eng nomdor olimlarni mahalliy laboratoriyalar hamda universitetlarga jalb qilgan. Ularning orasida bir paytlar boshqa yurtlarga koʻchib ketgan asl xitoylik maʼrifatparvarlar ham bor edi. Ilmiy kollaboratsiya hisobiga Xitoy olimlari bebaho tajriba orttirdi. Mamlakatning ilmiy salohiyati jadal surʼatlarda yuksala boshladi. Nazarimda, biz ham yangi avlod olimlarini tarbiyalashda shu usulini qoʻllaganimiz maʼqul.


Yana bir gap. Oʻzbekistondagi oliy taʼlim tizimi nihoyatda byurokratik. Professor-oʻqituvchilar keraksiz yuklamalar bilan koʻmib tashlangan. Natijada ularda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga deyarli vaqt qolmayapti. Oxirgi yillarda davlat oliygohlarining birin-ketin kredit-modul tizimiga oʻtkazilishi ijobiy samara bermoqda. Bunday tizim oʻqituvchiga semestr davomida necha kun pedagogik, necha kun ilmiy faoliyat bilan band boʻlishini aniq hisob-kitob qilib olish hamda oʻz vaqtini mustaqil tarzda rejalashtirish imkonini beradi.
Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlari oʻz nufuzini oshirish maqsadida xalqaro reytinglarga kirishga harakat qilmoqda. Bu ham ijobiy tendensiya. Reyingdagi natijasini yaxshilash uchun ular olimlarga oʻzi ustida koʻproq ishlab, nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalar chop etishga undashi turgan gap.


– Ilm-fandagi rahbar lavozimlar ayollarga deyarli tegmay qolayotgani haqida gapirdingiz. Sizningcha, nega bunday holat yuz beryapti?


– Gap olima ayollarimizning son jihatdan kamligi yoki salohiyatsizligida emas. Bu – aniq. Ayolning IQ darajasi erkaknikidan sira qolishmasligi matematik hisob-kitoblar asosida fanda allaqachon isbotlab berilgan.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarning rahbarlikka kamroq tayinlanishi obʼektiv omilllar bilan bogʻliq.
Bunga koʻpincha jamiyatdagi stereotiplar sabab boʻlmoqda. Negadir ilmiy-tadqiqot instituti direktori, universitet rektori, kafedra mudiri yoki grant rahbarligi ayol kishiga ogʻirlik qiladi, degan qarash ongimizga oʻrnashib qolgan. Bir hisobdan, xavotir oʻrinli. Chunki fan va taʼlim sohalarida byurokratiya gullab-yashnamoqda. Dasta-dasta qogʻoz toʻldirish, turli hisobotlar topshirish ayol tugul, erkakning ham toqatini toq qiladi.
Kasbiy yuksalishda oiladagi muhit muhim rol oʻynaydi. Afsuski, ilmiy iqtidori bor xotin-qizlarning barchasi ham oʻzini ilm-fanga bagʻishlolmaydi. Chunki jamiyatimizda ayol roʻzgʻor uchun yaratilgan, u oilani birinchi oʻringa qoʻyib, kerak boʻlsa boshqa reja-maqsadlaridan voz kechishi zarur, deydiganlar hali ham koʻp. Tadqiqotchilik esa kishidan hazilakam mehnat talab qilmaydi. Aytaylik, xalqaro darajadagi bitta ilmiy maqolani tayyorlashga 6-9 oygacha vaqt ketadi. Buning uchun olimda xotirjam ishlashga sharoit boʻlishi zarur. Tan olaylik, anʼanaviy oʻzbek oilalaridagi bir qator stereotiplar ayolga mana shunday xotirjamlikni taʼminlab berolmayapti.


Baʼzi ayollarni rahbarlik masʼuliyati choʻchitib qoʻymoqda. Kimgadir katta ishlarga qoʻl urishga andisha xalaqit beradi. Eplab ketolmasam uyatga qolaman, odamlar meni kalaka qiladi qabilidagi xavotirli oʻy-fikrlar taʼsirida olgʻa qadam tashlolmayotgan hamkasabalarim, afsuski, yoʻq emas. Bunday paytda ularga dalda berish kerak.

Tadqiqotchi xotin-qizlar uchun muntazam seminar-treninglar oʻtkazib kelamiz. Aytish kerak, bu auditoriya nihoyatda faol. Koʻplari ilmga tashna, yangi bilimlarni oʻzlashtirishga oshiqadi. Menimcha, ilm-fanda yuksak natijalarga erishib kelayotgan olima ayollarni elga tanitish, ularni muvaffaqiyat etaloniga aylantirish hamda ishlarini keng targʻib qilish zarur. Masalan, Oʻzbekistonda ilgʻor olimlar yoki olima ayollar reytingini tuzish mumkin-ku. Shu yoʻsinda ilmiy jurnallarda eng koʻp maqola eʼlon qilayotgan, xalqaro va mahalliy grantlarda ishtirok etayotgan tadqiqotchilarni aniqlab, munosib ragʻbatlantirsa boʻlardi.
Umuman olganda, oʻtish davridagi muammolar vaqtinchalik holat boʻlib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi asnosida bartaraf etiladi. Ilmiy rahbar kadrlarni tanlash va tayinlashdagi gender muvozanatga ham xuddi shu yoʻl bilan erishish mumkin. Iqtisodiy farovonlik natijasida odamlarning qoʻshimcha qiymat yaratiladigan sohalarga talab-ehtiyoji hamda qiziqishi ortadi. Kelgusida Oʻzbekistonda ilm-fan eng serdaromad sohalardan biriniga aylanishiga shubham yoʻq. Bu olimlar oʻrtasida jiddiy raqobatning shakllanishiga olib keladi. Ayollar ham ilmiy faoliyatda oʻzini jadalroq namoyon etishga, oʻz ilmiy maktablarini yaratishga, nufuzli ilmiy jamoalar hamda xalqaro grant loyihalariga rahbarlik qilishga intilsa, ajab emas.


– Aslida ilmiy faoliyatda gender tenglikni taʼminlash shunchalik muhimmi? Bundan jamiyat qanday naf koʻradi?


– Akademik doiralarda ayol yoki erkaklarning miqdoriy ustunligi umuman hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Tadqiqotni qaysi jins vakili olib borayotgani muhim emas. Muhimi erishiladigan natija. Lekin oʻsha natijaga erishish uchun ayolda ham, erkakda ham bir xil imkoniyat boʻlmogʻi darkor. Mana bu prinsipial masala. Ilm-fan rivoji uchun masʼul amaldorlar uni eʼtiborsiz qoldirmasligini xohlardim.
Modomiki ayollar ilmiy faoliyatida erkaklarga qaraganda koʻproq qiyinchiliklarga duch kelayotgan ekan, buning sabablarini aniqlash va bartaraf etish zarur. Masalan, koʻpgina xorijiy universitetlarda xodimlarning farzandlari uchun bogʻchalar tashkil qilingan. Bu olimga turli ijtimoiy masalalarga chalgʻimay, tadqiqot ishini bafurja bajarish imkonini beradi. Ilmiy faoliyatda jinsiy diskriminatsiya muammosiga ham samarali yechim topish ayni muddao, nazarimda. Mazkur masala yuqorida tilga olingan stereotiplar bilan jiddiy kurashishni taqazo etadi.


– Xotin-qizlarni ilm-fanga jalb etishda davlat hamda ijtimoiy institutlarning oʻrni qanday boʻlishi kerak?


– Ayni chogʻda olimlarni ragʻbatlantirish juda muhim. Men, avvalo, moddiy koʻmakni nazarda tutyapman. Yurtimizda olima ayollar uchun nufuzli mukofotlar taʼsis etish, grant hamda xorijda stajirovka oʻtash dasturlari, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash loyihalarini yoʻlga qoʻyishning payti keldi. Bu ularning akademik mobilligini oshirishga xizmat qiladi. Ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda ham ayollarga koʻproq eʼtibor qaratish kerak, deb oʻylayman. Shu maqsadda davlat tomonidan alohida moliyaviy manbalar yaratilsa yomon boʻlmasdi.
Oʻzbekistonda aholining intellektual mahsulotlarga boʻlgan talabini shakllantirish bilan bogʻliq bir qator muammolar ham bor. Davlat va jamiyat hayotidagi muammolarga ilm-fangina oqilona yechim topib bera oladi. Demak, olimlarning mehnat mahsuliga, avvalo, ehtiyojni paydo qilish zarur. Shunda ularning jamiyatdagi nufuzi hamda qadr-qimmati ortadi.
Oʻz yoʻnalishida salmoqli yutuqlarga erishgan olimlarni el-yurt bilishi hamda eʼtirof etishi lozim. Olimpiada chempionlariga qanchalik hurmat-eʼtibor koʻrsatsak, Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitayotgan ilm ahlini ham shunchalik ardoqlashimiz shart. Chunki muayyan marraga yetish uchun olim sportchidan kam mehnat qilmaydi.


Farqi shuki, u chekkan zahmatu mashaqqatlar necha yillardan keyingina oʻz hosilini beradi. Hozirgi bosqichda ilm-fanni ijtimoiy taraqqiyot dvigateliga aylantirish zarur. Mamlakat hayoti va kelajagiga daxldor muhim qarorlar ilmiy tadqiqot natijalari asosida qabul qilinsa, ilmiy xulosalar negizida davlat dasturlari, turli strategiya va «yoʻl xarita»lari ishlab chiqilsa, ushbu maqsadga toʻlaqonli erishgan boʻlamiz.