Hayvonlarga ko‘rsatilayotgan qiynoqlarning cheki bormi?

So‘nggi vaqtlarda hayvonlarga insonlar tomonidan berilayotgan zulmlar ko‘payib bormoqda. Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir nechta yosh haydovchilar mashinalari bilan it va mushuklarni qasddan bosib ketgani haqida vedioxabarlar tarqalgan edi. Avvalroq, tik tokda han itni osib kaltaklagan vedio chiqqan edi.

Adliya vazirligining xabar berishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolanib, qonun bilan Jinoyat kodeksida bir nechta yangi jinoiy javobgarlik turlari belgilangan.
Shuningdek, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa – 12 mln 250 ming so‘m jarimadan 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan.

Shu bilan birga muqaddas dinimizda ham hayvonlarga zulm qilish, ularni bekorga o‘ldirish, qiynoqqa solish qattiq qoralanadi.

Lekin nega hali hanuz hayvonlarga azob berib, ularni o‘limga, mayib bo‘lish darajasiga olib kelish davom etmoqda? To‘g‘ri, aslida hayvonlar ham borliqdagi barcha narsa kabi ibrat uchun, qolaversa, insonlarga manfaat uchun yaratilgan. Biroq bu inson manfaati uchun yaratilgan deb ulardan xohlagancha foydalanish, ularni xohlagancha qiynoqqa solish mumkin ekanligini anglatmaydi.

Hayvonlarga shavqatli munosabatni targ‘ib etish maqsadida 2017 yil O‘zbekistonda ilk marta mashhur xonandalar ishtirokida jonivorlarga «Inson bo‘l» loyihasi o‘tkazilgan. Unda mashhurlarning it va mushuk ko‘targan holda tushgan suratlari avtobus bekatlariga osib chiqilgan.

Afsuski, qonun qabul qilinib, jazo turlari kuchaytirilgan bo‘lsa-da, haligacha O‘zbekistonda egasiz jonivorlarga bo‘lgan shafqatsiz munosablar kamaygani yo‘q. Toshkent shahrida it va mushuklarni zaharlab, o‘ldirish, qiynoq berish davom etmoqda.

Olimlarning ogohlantirishicha, insonlarning jonivorlarga va tabiatga bo‘lgan munosabati, shuningdek ekotizimning buzilishi oqibatida hayvonlar, o‘simliklar va hasharotlarning millionga yaqin turi yaqin o‘n va yuz yillikda butunlay yo‘qolib ketishi mumkin.

O‘ylaymizki, mamlakatimida ushbu jiddiy masala yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilishi davom ettirilib, xalqning jonivorlarga nisbatan munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartiriladi. Olib borilayotgan islohotlar esa davlat miqyosida hal qilinib, hayvonlar xavfsizligi ta’minlanib, farzandlarni jonivorlarga mehrli qilib tarbiyalashga xizmat qilishidan umidvormiz!

Laylo Esanmurodova