Non tishlab metanga ketganlar…

Ob-havo soviy boshlagani sari odamlarning issiqlik vositalariga ehtiyoji tug‘ilishi aniq. Vaholanki, bu borada tabiiy gazning insonlar hayotidagi ahamiyati ortadi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston tabiiy gaz zaxiralariga egaligi bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinda turadi. «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinni egallab, yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib oladi. Bunday natijani eshitgan odam mamlakat aholisining tabiiy gaz masalasida muammosi yo‘q deb o‘ylashi, shubhasiz. Afsuski….

Baribir o‘zbekmiz-da, o‘zimizga xos bo‘lgan an’analarimiz bor. Misol uchun, ro‘zg‘orda go‘shtli ovqat qilmasa-da, mehmon uchun qayerdan bo‘lsa ham go‘sht topib keladigan, o‘zi yemagan narsasini uyiga kelgan odamga yediradigan takrorlanmas odatlarimiz ko‘p. Lekin bu degani o‘zi tappi yoqib, gazniyam boshqalarga bersin degani emas-ku axir. Bundan avvalgi yillarda Afg‘onistonga elektr uzatuvchi sim tortilib, Xitoyga gaz eltuvchi quvur qurilgan edi. Lekin amalga oshirilayotgan bu ishlar odamlarning qish bo‘yi sovqotib, qo‘lbola isitish moslamalari ishlatishiga, buning oqibatida esa is gazi kabi turli xavfli gazlardan zaharlanib halok bo‘lish darajasiga borishiga arzirmikan?

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-avgust oylarida mamlakatimizda 35,2 mlrd. kub. m tabiiy gaz ishlab chiqarilgan. Tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 8,3 % ga yoki 2,7 mlrd. kub. metrga oshgan.

Ayni vaqtlarda gaz quyish shaxobchalarida yuzaga kelayotgan tirbandliklar, navbat kutishlar, asablar…. Bularni gapirsa, odamni dili xufton bo‘ladi, albatta. Gaz quyish shaxobchalari navbat kutish eng kamida 1, 5 soat, uzog‘i bilan 3-4 soat, hattoki bundanam ko‘p vaqt davom etadi. Bu hozircha sovuq kunlar boshlanishidagi ilk ko‘rsatkich, oldindagi qorli, ayozli kunlarni endi o‘zingiz tasavvur qilavering.

Haydovchilik ortidan tirikchilik qilayotgan odamlar qancha? Kunning yarmini gaz uchun navbat kutib o‘tkazib, qolgan yarmida non topib bo‘ladimi?

Yaxshi bilamizki, metan boshqa yoqilg‘ilarga qaraganda 2-3 baravar narxda arzon. Benzinda yurish esa amaldorlarni bilmadim-u, oddiy aholini, haydovchilarni cho‘ntagini ko‘tarmaydi!

Bizga kelayotgan murojaatlarni inobatga olib, Ogoh.uz muxbiri gaz quyish shaxobchalari holatini o‘rgandi. Muxbirimiz vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, quyidagi xabar berdi:

Chiroqchi tumanidagi metan zapravkalarining biridamiz. Qariyb 3 soatdan buyon navbatimizni kutyapmiz, biroq hech yaqinlashay demaydi. Kun sovuq, kuni kecha bu holat yo‘q edi, ertalab ikki soatcha chiroq o‘chganligi sabab hozir judayam tirband holda. Boshqa zapravkalarda hatto yonilg‘i ham yo‘q, kun sovuq, hamma mashinasining pinjiga kirgan, yaqin-yaqin joyda ikki-uch kishi bo‘lib, suhbatlashib turganlar bor.

Ularning bu boradagi fikri bilan qiziqdim. Shahzod ismli haydovchi bilan suhbatlashganimizda quyidagicha fikrlarni aytdilar:
» Tong azonda poytaxtdan Qarshiga yo‘lga chiqdik, yo‘lda uchta joydan yonilg‘i quydirish uchun to‘xtadik, hammasida tirbandlik, bosim past, 200 km’ga yetadigan gazimiz 150 kmdan oshmayapti, bu safargi to‘xtovimizga ikki yarim soat bo‘ldi, amallab Qarshiga yetib olsak, bas, sherigim mashinada quruq non yeb o‘tiribdi»

Alisher ismli haydovchi ham shunga o‘xshash gap aytdilar:

«1 soatdan buyon navbatdamiz, hech qurg‘ur yaqinlashay demaydi, yana 1 yarim soatlar kutsak kerak bu turishda, yuk mashinalariga hamma bosim yuborilyapti, bizga 100 bosim urib berishsa, amallab manzilga yetardik, benzin quyaylik desak, ko‘rib turibsiz, uka, bir bak falon pul, undan kutsak ham, 30 — 40 mingga metan quyib, ketamiz«.

Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, 17 noyabr kunidan boshlab 17:00dan 23:00 gacha gaz quyish shaxobchalari faoliyati to‘xtatilyapti. Cheklovdan maqsad esa birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan, aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlashdan iborat. Har holda shunday deb yaxshi gumonda bo‘lamiz.

2019-yilda “O‘zbekiston Respublikasining 2030- yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlanishi Konsepsiyasi” (Konsepsiya) loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Mana, bu loyiha yo‘lga qo‘yilganiga hash-pash deguncha oradan uch yil o‘tib ketibdi. Endi to‘liq sharoitlarga ega bo‘lamiz, hayotimiz farovonlashadi deb 2030 -yilni kutib turamizmi? Shuncha yil davomida bariga ko‘z yumib yashab kelganda 9 yilni kutish nima bo‘libdi? Axir biz sabrli xalqmiz-ku!

Laylo Esanmurodova