Nima yozaykin deb ko‘p o‘yladim…Balkim siyqasi chiqib ketgan gaz-elektr haqida yozaymi… yo‘q baribir befoyda!
Yozgi yupun kiyim oyog‘ida paypog‘i ham yo‘q, burni oqib, oyog‘ida akasini kalishini kiyib onasini etagidan ushlab olib pechkalarga mo‘ltillab turgan qashshoq ayol va bolasi haqida yozaymi dedim. Yuragim dosh bermaydi. Vijdonim yig‘laydi!
Balkim ko‘mir-u o‘tinga puli yo‘q qari otaxonni bir amaldor xonasidan yordam ololmay o‘ksinib chiqqani, yoshi 78 ga borib yig‘lab qarzga gaz balon so‘ragani haqida yozaymi dedim. Yuragim bolalarimga kerak dedim. Ammo…
Balkim eski bozordan odamlar kiygan kiyim olishga majbur bo‘lgan ona, uni kiyishga uyalgan, maktabda avvalgi safar kulguga qolgan qizaloq haqida yozaymi dedim… Rahmim keldi…
O‘tin bozorda bir motorol o‘tinni 450 ming so‘mga chiqqani, u ham talamon bo‘layotgani… puli yo‘qlar qishda molni bo‘qini yoqayotgani haqida yozaymi dedim. Siyqasi chiqdi…!
Metan… yong‘in xavfsizligi mutloqo yo‘q bitta moshina portlasa yonida tirband bo‘lgan, olti soatda navbati keladigan, janjalgacha borayotgan shofyorlaru… yong‘in bo‘lsa yong‘inni o‘chirishga kirolmay boshi garang bo‘lgan yong‘in o‘chiruvchilari haqida yozarman a…? Yo‘o‘q! Befoyda!
Mardikorlarga uy beramiz deydi bir inson tv da. Zo‘r! Ammo uy emas avvalo ish topib bering ayollar qishda g‘isht, ko‘mir toshiyotganini ko‘rganmisiz deyman ichimda. Shuni yozaman deyman. Axir 50 ming so‘mga bu sovuqda ertadan kechgacha shog‘ol toshigan ayollar haqqi indamayman. Ertaga seni dastingdan internetda tanqid qilishdi deb ishga ham olmay qo‘yishi mumkin….
Topdim nima yozishni…! Bizga dabdabali to‘ylar, qo‘sha-qo‘sha mashinalarda zagzlar, o‘zi 1 mln maosh oladiyu milliartga uy quradigan, choyxonalarda gap bermaydigan, uyiga borsang suyakdan it qarzi borlar haqida yozaman!
Ammo qornim ochdi…Uy sovuq.Bolalar buvisinikida…Bir o‘zim uyim eshigini ochdim. Zindonni o‘zi sovuqligi. Alam qildim. Eshikni ochib shirin tabassum bilan kutib oladigani bo‘lmasa….Nogiron jigaring shiftga termulib gapirolmay yig‘lab duo qilsa…