Adolatimiz ko‘zlarini yumib olganmi: direktorga 5 yil-u, mansabdorga 3 yil

Nega organ xodimi fuqaroni haqorat qilsa, vaziyat oʻrganiladi-yu, fuqaro xodimni haqorat qilsa, darhol jazolanadi? Nima uchun million-milliard pullarni yeganlar tergovi oylab choʻziladi-yu,  ikki yuz ming olgan oʻqituvchi darhol qamaladi? Tokaygacha pora bilan tushgan falonchi qutilib chiqqanini, yoki falonchining pistonchi tankasi «turib berganini» eshitaveramiz?

Javob esa oddiy, chunki biz Oʻzbekistonda yashayapmiz. Bu yerda katta mansabdorlar va ularga yaqin shaxslarning katta miqdorda pora olishi, berishi tabiiy hol, ozib-yozib qoʻlga tushgan taqdirida ham ularning aksariyati «dahlsizlik huquqi»ga ega boʻladi. Korrupsionerlarning bu qatlami oʻz doirasiga muvofiq juda koʻp mablagʻlarni talon-taroj qilayapti.

2020-yilda bosh prokuror oʻrinbosari Akmalxoʻja Mavlonov manzilli dasturlarga yoʻnaltirilgan 10 trln soʻmning 845 mlrd soʻmi talon taroj qilinganini aytib oʻtgan edi. 3,5 trln soʻmlik tenderlar noqonuniy oʻtkazilgani,  birgina 2021-yilning birinchi yarmida Xalq taʼlimi tizimida 65,1 mlrd soʻm oʻzgʻashtirish aniqlangani (hozir bu koʻrsatkich qanchaga yetdi, bilmadim), yer osti metrosi qurilishida qariyb 900 mln soʻm talon-taroj qilingani, 2 ayol va 4 erkak halok boʻlgan bir nafar inson bedarak ketgan va davlatga qayta qurish, oqibatlarni bartaraf etish uchun milliardlar dollarlar zarar keltirgan Sardoba voqealari soʻzimizning isbotidir.

Lekin negadir bu katta jinoyatlar haqida gap ketganda ularga qarshi kurashadigan tuzilmalarning ovozi chiqmay qoladi.  Biz ham  yillik hisobotlarda qanchadir summa noqonuniy oʻzlashtirilganini eshitamiz-u, bu ishlar ortida kim turibdi, ularga qanday jazo berildi, xabarimiz boʻlmaydi ham.

Televizorda 500 ming pora bilan qoʻlga tushgan oʻqituvchi, yoki hamshiraning oʻz qilmishlaridan afsusda ekanligini tomosha qilib, yurtimizda adolat bor deb yuraveramiz. Ishonmasangiz, biror qoidabuzarlik qilib, GAI hodimiga ikki yuz ming soʻm berib koʻring, darhol qoʻlga tushasiz. Lekin mahallangizdagi kattaroq ishda ishlaydigan, million-million dollar pora olib, qoʻsha-qoʻsha dachalar, citylarda qoʻsha-qoʻsha kvartiralar sohibi boʻlgan qoʻshningiz hech qachon qoʻlga tushmaydi.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda 1,5 mln soʻm pora olgan maktab direktori 5 yilga ozodlikdan mahrum etilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bir tarafdan bu kabi holatlar oldi olinayotgani, jazolar tayinlanayotgani quvonarli hol. Ammo tanganing ikkinchi tomonichi?

Toshkentning Yunusobod tumani davlat soliq inspeksiyasi katta inspektori 3,5 ming dollar pora bilan, Namanganda tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi 15 ming dollar pora bilan, Jizzax viloyati prokurori ikki ming dollar pora bilan qoʻlga tushib, tergov harakatlari boshlanganiga ikki oydan oshib qoldi. Lekin tergov natijalari, ularga qanday jazo tayinlanganligi haqida lom-lim deyilmaydi?

Buxoroda qoʻlga olingan viloyat Sanitariya- epidemiologiya markazi rahbari karantin qoidalariga rioya qilmagani uchun «O» kompaniyasi rahbari M.dan jarima tayinlamaslik evaziga 400 dollar va 500 ming soʻm pora talab qilib olgan vaqtda qoʻlga olingan edi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi (taʼmagirlik yoʻli bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi kerak  edi-yu, ammo yakunda 210-modda 1-qism (pora olish) bilan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Yuqorida keltirib oʻtilgan maktab direktori esa 1,5 mln pora olgani uchun 210-modda 2-qism (taʼmagirlik yoʻli bilan pora olish)bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.  Toʻgʻri, bu yerda hukm qonuniy boʻlishi mumkin, lekin adolatli emas. Davlatning qudrati ojizning jazolanishida emas, kuchlining ham qonun oldida teng koʻrilishida bilinadi.

Bolaligimda adolat maʼbudasi Femidaning tasvirini koʻrib, «iye, adolatning koʻzlari bogʻlab qoʻyilgan-ku», deb ajablangan edim. Keyin bilsam, uning koʻzlaridagi bogʻich xolislik timsoli ekan. Yaʼni biz xoh boy, xoh kambagʻal boʻlsak ham qonun oldida teng ekanligimizdan dalolat edi. Femidaning koʻzlari koʻr, chunki koʻrganlari uni yon bosishga xizmat qilishi mumkin deb hisoblangan. Lekin yuqoridagi kabi holatlarni kuzata turib, bizning Femidamiz koʻzlari koʻrligiga shubha qilib, koʻzini ataylab yumib olayaptimikan deb oʻylab qolasan kishi…