Yangi Oʻzbekistonga yangi pullar kerakmi???

Oʻzbekistonda yangi koʻrinishdagi 50 va 100 ming soʻmlik banknotlar chiqarilishi kutilmoqda.


Ushbu maʼlumotni markaziy bank raisining matbuot kotibi Akmal Nazarov taʼsdiqlabdi. Bir kun oldin bu kabi xabarlar tarqala boshlaganida bank maʼmuriyati lom-mim demagan edi. Shu kuni savollarga na tasdiq na inkor javob qilganlar bir kun oʻtib, ha pullar dizayni almashadi, kabi soʻzlar bilan cheklanmoqda. Balki, hozir toʻliq maʼlumot berish uchun ruxsat olishmagandir.

Xoʻsh yangi pullar ishlab chiqilishidan aholiga qanchalik naf boʻladi? Hozirda puli yoʻq boʻlib turgan nochor qatlam shunda pullik boʻlib qolishi ehtimoli mavjudmi?

Joriy yilning 26 avgustidan boshlab Oʻzbekistonda yangi koʻrinishdagi 5 000 va 10 000 soʻmliklar muomalaga chiqarila boshlangandi. Koʻpchilikka yangi pullarning dizayni bilan bir qatorda, uning oʻlchamlari ham maʼqul kelmadi. Qisqasi avvalgi banknotalardan keskin farq qiladi. Endi chiqarilishi koʻzda tutilgan yangi 50 ming va 100 minglik banknotalar ham shunga hamohang ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgandir, biroq buning asosiy sabablari va davlat rivojiga qoʻshadigan hissasi aniq aytib oʻtilishi kerak emasmi? Yoki eski koʻrinishdagi pullar YANGI OʻZBEKISTONga yarashmay qoldimi?

Maʼlumot oʻrnida 50 000 soʻm koʻrinishidagi banknotlar 2017 yilning 22 avgustidan boshlab, 100 000 soʻm boʻlgan banknot 2019 yilning 25 fevraldan boshlab Markaziy Bank tomonidan muomalaga chiqarilgan.

Barchaga maʼlumki, bu kabi ishlar kichik sarf-xarajatlar evaziga bajarilmaydi. Bu havoga uchadigan bema’ni xarajat emasmi? Salmoqli soʻmma sarflanadi. Mana shu pullarni boshqa ishlarga sarflashning imkoni yoʻqmi?

Ochigʻini aytish kerakki, baʼzi harakatlar insonning kulgisini keltiradi. Masalan, kambagʻallikni qisqartirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqiladi, Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar imzolanadi. Qoloq va rivojlanmay qolgan aholi punktlari obod mahalla dasturiga kiritiladi(bu kabi obod mahalla dasturida yildan yilga koʻchib yurgan qishloqlar koʻp). Aholini ish bilan taʼminlash uchun yoʻl xaritasi, yana baʼzi kamchiliklarni bartaraf etish uchun maslahat kengashlari tashkil etiladi. Biroq. Toʻgʻridan toʻgʻri pul dizayni alishgani haqida esa kimdir «sizdirib» yuborganida eshitiladi. Bu holat qanchalik mantiqqa toʻgʻri keladi? Bu kabi masalalarni ham aholi muhokamasiga qoʻyish kerak emasmi?


Bu vaqtda deputatlarimiz oʻta muhim masalalarda munozarali bahslar olib bormoqda: «aholi uchun nosvoyni taʼqiqlash kerakmi, yoʻqmi?». Deputat va senatorlarimizga ham qiyin, xalqning tun-u kun oʻylash ham oson vazifa emas. Xalq ularni bizning kamimizni toʻldiradi, biz ayta olmagan gaplarni aytadi deb saylaganku.

Qolaversa, saylov oldida tinmasdan saylov siyosati haqida maqola yozgan amaldorlarimiz ham bu vaqtda yoʻqolib qoladi. Ulardan arzirli fikr ham olmaysiz. Allamjonov qashshoqligi uchun yana bechora xalqni ayblagani yodingizdadir.


Milliy ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi rahbarining soʻzlariga koʻra, aholining kambagʻal va qashshoqligida oʻzlari aybdor. Xalq biror masalalarni tanqid qilmasdan asosiy eʼtiborni bilimga berishi kerak emish. Sizga oʻxshab pichogʻi moy ustida boʻlmagan, pulga muhtoj qatlam qanday qilib bilim olishga koʻngil bersin? Janobimiz, asosan, tepadagilar nimadir mavzuni koʻtarib chiqsagina oʻzlari ham shu fikrlarni yoqlab nimarsa yozib qoʻyadilar. Shaxsiy fikrlari ham tepadagi fikrlarga bogʻlangan.


Soʻzimizning yana bir isboti, Xalqaro Press-klub rahbari Sherzodxon Qudratxoʻja koʻrsatuvning navbatdagi sonida huquqni muhofaza qilish organlari nufuzi va ularga yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi. Emishki, ichki ishlar organlariga eng soʻnggi rusumdagi «Ferrari»lar olib berish kerak.

«Dubayda eng oxirgi rusumdagi mashinada yuradi. Chunki jinoyatchiga yetvolishi kerak. Biz jinoyatchiga «Lasetti»da yetib ololmaymiz. Kerak boʻlsa, biz ham oʻnta eng kuchli «BMW», «Mersedes» va «Ferrari», zoʻrlarini sotib olishishimiz kerak. Chunki bilishlari kerak — davlat ulardan kuchli. Davlat ulardan kuchli!»,—deya oʻz fikrini bildirgan Qudratxoʻja.


Laylakning yurishini qilaman deb chumchuqning puti ayrilgan ekan deydi dono halqimiz. Dubay politsiyasi haqida gapirilar ekan, u yerlardagi aholi yashash sharoiti haqida nena lom-lim deyilmadi? Yoki yaxshi sharoit faqat malum sfera vakillari uchun talab qilinadimi?


Ha, aytgancha, bizda katta-katta qonunbuzarlikni sodir etadigan jinoyatchilarimiz alohida kodli raqamlar bilan, «quvdi-qochdi» oʻynamay, tinchgina idoralariga borib-kelishayotgan boʻlsa… Ferrari olib berilsa, ularni quvib yetsa, boʻlarmikan?